Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki direktori o‘rinbosari (Associate Director) Muzaffar Zuxurov – 39 yoshda. U 20 yildan buyon Angliyada yashaydi. Grant asosida Lankaster universiteti bakalavriatini tamomlab, 2005 yilda Sent-Endyurs universitetida magistr-iqtisodchi diplomini olgan va shundan buyon Angliyada bank sohasida ishlab kelmoqda.
Hamyurtimiz bilan Buyuk Britaniyaga safarimiz davomida suhbat uyushtirdik. Suhbatimiz YeTTBning Londondagi bosh shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro moliya tashkiloti Liverpul-strit vokzali yonida joylashgan. U yerga borganimizda qosh qorayib qolgan (Angliyada qish kunlari soat 16:00dayoq qop-qorong‘i bo‘ladi), bankda ish vaqti tugagani sabab deyarli hech kim ko‘rinmasdi.
Muzaffar Zuxurovdan birinchi bo‘lib O‘zbekistonda oxirgi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabatini so‘radik. U YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik 2017 yilda tiklanganini eslab o‘tib, suhbat davomida shaxsiy fikrlarini bildirishi, buni tashkilot nomidan aytilayotgan fikrlar deb qabul qilmaslikni so‘radi.
«Chetdan kuzatganda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti», deya e'tirof etgan Zuxurov valuta liberalizatsiyasi, qishloq xo‘jaligidagi uzoq kutilgan islohotlar, yirik monopoliyalarni bo‘laklarga ajratib, taqsimlashga qaratilgan harakatlar, norasmiy sektordagi kichik va o‘rta biznesni rasmiy iqtisodiyotga olib o‘tishda soliq islohotining o‘rni, kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, bank sohasi modernizatsiya qilina boshlaganiga e'tibor qaratdi.
Biz esa islohotlar jarayonida qaysi nuqtalarda oqsashni kuzatyapsiz, deya savol berdik.
Oxir-oqibatda faqat 2-3ta bank davlat qaramog‘ida qolsa yetadi
«Hozir O‘zbekistondagi davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlayotgan odamlar bilmay yo ko‘rmay qolgan qanaqadir sohalar bor, ular mana bunday qilishi kerak, deyish noto‘g‘ri, menimcha.
Bank sohasiga kelsak, O‘zbekistonda bank aktivlarining 80 foizdan ortig‘i davlat qaramog‘ida. Bu – muammo. Oxir-oqibatda, misol uchun, davlat qaramog‘ida 2-3ta bank qolsa, bu banklar infrastruktura bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlasa, to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki infrastruktura uzoq muddatli investitsiya talab qilgani uchun xususiy banklar unga pul ajratishi qiyin. Nafaqat O‘zbekistonda, hamma joyda shunday. Qolaversa, qaysidir tumanlarga xususiy banklar bormasligi, chunki u joylarda bankning foyda olishi qiyinroq bo‘lishi mumkin. Shu kabi tumanlarda aholiga chakana xizmat ko‘rsatuvchi davlat banklariga ehtiyoj bo‘ladi.
Qolgan yo‘nalishlarda esa xususiy banklar faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq. Banklar xususiylashtirilsa, chet elliklar banklarimizni sotib olsa, raqobat kuchayadi. Bu esa mahsulotlar diversifikatsiyasiga, dunyo tajribalaridan foydalanilishiga olib keladi», – deydi u.
Muzaffar Zuxurov bu jarayonda O‘zbekiston banklari yevrobond chiqara boshlagani ahamiyatli ekanini qayd etdi. «Oddiy qilib aytganda, hech kim sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulushga pul bermaydi. Avval qarz berib sinab ko‘radi, iqtisodni o‘rganadi. Keyinchalik, olingan qarzlar vaqtida qaytarilib, ko‘zlangan natijalarga erishilgandan keyin investorlar kattaroq risk ola boshlashadi. Ya'ni kapitalga pul kiritib, bankning bir qismiga egalik qilishlari mumkin».
Bankir bank sohasida davlatning rolini kamaytirish muhimligiga oid fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
«O‘zbekistonda katta-katta davlat korxonalari davlat banklari orqali moliyalashtiriladi. Bu asosan rejalashtirilgan iqtisod bo‘lib qoladi. Bu riskni bank o‘ziga olishi kerak. Risk katta bo‘lsa, Eksport-kredit agentligi kafolati bilan yoki boshqa banklar bilan qo‘shilib sindikat qilish yo‘li bilan o‘sha risklarni o‘zlari baholab, o‘zlari qarorga kelishlari kerak. Erkin iqtisodiyotda shunaqa bo‘ladi-da.
Bular oddiy narsalar. Ishonchim komil, O‘zbekistondagi amaldorlar buni yaxshi tushunishadi. Bu yo‘nalishlarda ishlar olib borilyapti. Xabarim bor, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi ayrim banklarga texnik ko‘mak ko‘rsatib, mutaxassislar bilan sohada o‘zgarishlar qilish bo‘yicha faoliyat olib boryapti. Bu juda ham yaxshi, oxir-oqibatda soha isloh bo‘lib, banklarimiz xususiy bo‘lishiga erishilishi kerak», – deydi u.
Intervyu davomida suhbatdoshimiz yana bir nechta mavzular, masalan mamlakatga investorlarni ko‘proq jalb etish borasidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Talabalikdan YeTTB direktori o‘rinbosarigacha
Muzaffar Zuxurov o‘qishni tugatgach, 2006 yilda Amerikaning eng katta banki – JPMorgan Chase'ning Londondagi ofisida ish boshlagan.
«JPMorgan Chase'ga ishga kirish oson bo‘lmagan. O‘sha yili har xil universitetlardan adashmasam yuz kishini ishga olishgan, lekin dasturga 10 mingdan ortiq ariza kelib tushgan edi», – deya eslaydi u.
Bu bankda 3 yilga yaqin vaqt faoliyat olib borgan Muzaffar Zuxurov 2009 yildan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga ishga o‘tadi. YeTTBda dastlab tahlilchi sifatida ish boshlab, so‘ng kichik bankir, yetakchi bankir, bosh bankir darajalariga ko‘tariladi. 2019 yil martida esa direktor o‘rinbosari (Associate Director) lavozimiga tayinlanadi.
U o‘qigan har ikkala universitet ham – tumanli albionning eng nufuzli oliygohlaridan. Lankaster universiteti 2018 yilda Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti deb topilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu maqomga olti asrlik tarixga ega Sent-Endryus universiteti loyiq ko‘rildi.
Bunday ilg‘or oliygohlarda grant asosida o‘qigan va o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar oz emas. Hamyurtimizdan bunga qanday erishish mumkinligini so‘raganimizda, yoshlarni ruhlantiradigan javobni eshitdik:
«Chet elda katta universitetlarda o‘qishni istagan yoshlar hech qachon «Men o‘qiy olmayman, salohiyatim yetmaydi», deb o‘ylamasligi kerak. Pulim yetmaydi, deyishi ham noto‘g‘ri. Masalan, men bu yerda o‘qishim uchun pul to‘lamaganman, aksincha menga pul to‘lashgan.
Yoshlarimiz o‘ziga ishonishi, o‘z ustida tinmay ishlashlari kerak. Oson yo‘li yo‘q, albatta».
- «O‘zbek dasturchilari yevropaliklardan aslo qolishmaydi» – Londonda fintex kompaniya ochgan o‘zbeklar bilan suhbat
- «Chet elliklar Samarqand-u Buxoroni bilishadi, lekin…» – O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi bilan suhbat
- Angliyada o‘qish qanchaga tushadi? London universitetlarining o‘zbek talabalari bilan suhbat
- O‘tmish va bugun yonma-yon: Londondan Kun.uz fotojamlanmasi