Ayni paytda O‘zbekiston barcha sohalarda tarixiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu jarayonda mijoz talabiga mos, jahon tajribasiga asoslangan talabgir mahsulotlarni taklif etuvchi, shu jumladan Islom dini moliyasiga muvofiq keluvchi yangi, zamonaviy bank sektori transformatsiyasi alohida diqqatni jalb qiladi.
Shu bois ASIA ALLIANCE BANK, davlat rahbari tomonidan 2017 yil 20 dekabrda belgilab berilgan «Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori va 23 may 2019 yilda qabul qilingan «Islom Taraqqiyot Banki guruhi va Arab Muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirib bormoqda.
Jumladan ASIA ALLIANCE BANK delegatsiyasining Jidda (Saudiya Arabistoni) shahriga 2019 yil noyabr oyidagi tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi Islom xususiy sektorni rivojlantirish korporatsiyasi (IXSRK) bilan hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes sub'yektlari va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni moliyalashtirish uchun 10 million AQSh dollari qiymatdagi kelishuv imzolandi. Ko‘p yillardirki IXSRK moliyalashtirish yo‘nalishlari iqtisodiyotning turli sohalarida investitsion loyihalarni moliyalashtirish ortidan hayotga tatbiq etish hamda rivojlantirishni jadallashtirish imkonini bermoqda.
Bundan tashqari, o‘zaro yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni hisobga olgan holda IXSRK tomonidan beriluvchi maslahatlar yordamida ASIA ALLIANCE BANK keng qamrovli bank mahsulotlarini taqdim etuvchi «Islomiy darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Bu kelishuvni amalga oshirish doirasida 2020 yilning 3-4 fevral kunlari ASIA ALLIANCE BANK bankida IXSRK vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bank rahabariyati bilan uchrashuvda Islom moliya institutlari Departamenti direktori janob Mohamed Maher Mannai, IT-loyihalarini boshqarish bo‘yicha ekspert janob Abdullah Khamis va loyiha rahbari Muzaffar Nizomiddinovlar qatnashdilar.
IXSRK vakillari bilan uchrashuv davomida bank rahbariyatiga islomiy moliyalash bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. IXSRK va ASIA ALLIANCE BANK hamkorligida boshlangan ishlar doirasida 2020 yil oxiriga qadar alohida tuzilma shaklida yo‘lga qo‘yiladigan «Islomiy darcha» faoliyati shariat ahkomlariga muvofiq bank xizmatlarini taqdim etishi alohida ta'kidlandi. Mazkur loyihaning ulkan ahamiyatini hisobga olgan IXSRK vakillari o‘tgan muzokaralar samarasini yuqori baholadilar.
ASIA ALLIANCE BANK filiallarida shariat ahkomlariga muvofiq keluvchi mahsulotlar va xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi korporativ mijozlar hamda jismoniy shaxslarga amaldagi bank xizmatlariga muqobil xizmatlar yaratilishi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston aholisining moliyaviy talablariga mos tushishi, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini anglatadi.
Reklama huquqi asosida