5 fevral kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan «Xatirchidagi qishloqda barcha qiyinchiliklar jam: Muammolarni hashar yo‘li bilan eplab bo‘lmay qoldi» sarlavhali maqolada tumandagi Navandak qishlog‘ida yig‘ilib qolgan muammolar tilga olingandi.
Hududdagi elektr tarmoqlari bilan bog‘liq kamchiliklar yuzasidan «Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ o‘z munosabatini bildirdi.
«Haqiqatan ham, Xatirchi tumanining «Oltinobod» mahallasi «Navandak» qishlog‘ida elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolar mavjud. Muammo bo‘yicha 5 fevral kuni Xatirchi tumani elektr ta'minoti korxonasi bosh muhandisi tomonidan joyiga borib o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganish davomida «Navandak» qishlog‘i O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yildagi «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi qarorining 2020 yil manzilli dasturi rejasiga kiritilgani aniqlandi va bu haqda aholiga tushuntirish berildi.
Dastur asosida qishloqdagi aholi iste'molchilarining elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida 3,2 kilometr 0,4-10 kV.li havo elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda 1 dona transformator punktini yangidan qurish ishlari 2020 yilning uchinchi choragida rejalashtirilgan.
Qurilish-montaj ishlarini loyihalashtirish va amalga oshirish uchun jami 284 million so‘m mablag‘ sarflanadi», deyiladi «Navoiy hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati xabarida.