O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari hajmi rekord darajaga yetdi

Iqtisodiyot 13:50 / 06.02.2020 63733

Markaziy bank (MB) O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari statistikasini yangiladi.

2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra rasmiy zaxiralar 29,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Xalqaro zaxiralar - 28.6 mlrd dollar. O‘zbekistonning zaxiralari zaif diversifikatsiyalangan, shuning uchun deyarli barcha miqdor xorijiy valuta (12,4 mlrd dollar) va oltin (16,3 mlrd dollar) o‘rtasida taqsimlangan.

Spot’ning yozishicha, Markaziy bank ushbu ma'lumotlarni oshkor qila boshlaganidan beri (2017 yil kuzida) birinchi marta rasmiy zaxiralar 29 milliard dollardan oshdi.

Ular asosan oltin narxining o‘sishi hisobiga o‘sdi, sababi oltinning o‘zi 2019 yil oktabr oyida bo‘lgani kabi deyarli bir xil - 10,8 million troya unsiyasi (banklar va zargarlar tomonidan ishlatiladigan og‘irlik birligi 31,1034768 gramm). Agar tonnaga aylantirilsa, bu 336 tonnaga teng.

Zaxiralar, shu bilan birga, mamlakatning «xavfsizlik yostiqchasi» deb ham hisoblanadi - ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur va zaxiralarning yetarliligi shok holatlarning xususiyatiga bevosita bog‘liq.

2019 yil kuzida O‘zbekiston 13 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiraga ega ekani ma'lum bo‘ldi. Bu tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan to‘rt baravar ko‘p.

Avvalroq, O‘zbekiston oltinning bir qismini xorijiy obligatsiyalarga almashtirishi haqida ma'lumotlar tarqalgandi. Xususan, Markaziy bank xorijiy obligatsiyalar hisobidan oltin ulushini kamaytirish orqali o‘z zaxiralarini diversifikatsiya qilmoqda.

«Oltinning ulushi kamroq bo‘ladi. Birinchidan, zaxiralarning o‘zi ko‘payib boradi, ikkinchidan, biz ko‘proq oltin sotamiz», - degandi o‘tgan yilning iyul oyi boshida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurodov.

Unga ko‘ra, to‘rt-besh yildan keyin o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar oltinni jahon bozorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozir esa xaridor mamlakat ichidagi oltinni so‘mga sotib olib, ularni tashqi bozorda dollarga sotadigan Markaziy bankdir.

«Biz so‘mning almashuv kursini qo‘llab-quvvatlayotganimiz yo‘q, tebranishlarni yumshatishga harakat qilmayapmiz. Bizning bozorda ishtirok etishimiz valutani qo‘llab-quvvatlashga aralashish emas, balki oltin sotib olish uchun kompensatsiyadir», - deya tushuntirgandi Markaziy bank rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: