O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi O‘zbekistondagi dorixonalarda so‘nggi kunlarda dori vositalari va tibbiy buyumlar narxi sun'iy ravishda oshirilayotgani, xususan, asl narxi 1000 so‘m bo‘lgan tibbiy niqoblar narxi ikki barobar oshib ketgani, bunday buyumlar taqchilligi yuzaga kelgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi hamda tibbiy buyumlar narxini asossiz ravishda oshirish - farmatsevtika faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.
«So‘nggi vaqtlarda xorij davlatlarida, xususan Xitoy Xalq Respublikasida xavfli yuqumli virus bilan kasallanish holati avj olganligi sababli respublikamiz dorixonalarida tibbiyot niqoblari taqchilligi kuzatilayotgani va uning chakana narxi keskin oshib ketgani, shuningdek, yo‘tal, gripp va shamollashga qarshi, immunitetni mustahkamlovchi va voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalarining chakana narxida ham o‘sish kuzatilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2647-sonli qaroriga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish – ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat'i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi o‘z vakolatlari doirasida dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘z navbatida, muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi, retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi – litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi holati hisoblanadi hamda bu farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.
Shu munosabat bilan, farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga qat'iy rioya qilishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.