JSSTning O‘zbekistondagi vakili: Koronavirus immuniteti past odamlarda og‘ir kechishi mumkin

Jamiyat 16:21 / 03.02.2020 7891

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens xalqaro tashkilot tomonidan Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb e'lon qilingani, ammo bu jiddiy xavotirga tushish yoki bo‘lmasa, butun dunyoni ushbu xastalik qamrab oldi, degani emasligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan kasallangan odamlarning 80 foizida xastalik yengil o‘tadi, qolgan 20 foizida og‘ir kechishi mumkin. O‘lim holati yuz berishi ehtimoli bo‘lgan 2-3 foizi esa ikkilamchi og‘ir, surunkali kasalliklarga chalingan, immun tizimi pasayib ketgan bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu kasallikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchta yo‘nalishda olib borilishi maqsadga muvofiq. Birinchi o‘rinda kasallik manbaini jilovlash, ikkinchisi, yuqishning oldini olish, uchinchisi esa, yuqtirib olish ehtimoli bo‘lgan aholini himoya qilishdir. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni e'tirof etgan holda to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», degan Liann Kuppens 1 fevral kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Videoselektorda koronavirusni aniqlashda asosiy e'tibor tana haroratining ko‘tarilishiga qaratilsa-da, uning yashirin davri mavjudligi ta'kidlangan.

«Bu paytda kasallik belgilari to‘liq namoyon bo‘lib ulgurmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda vaziyatni nazorat qilish, xorijdan kelgan fuqarolarni tekshirish va kuzatuvga olish borasida barcha tayyorgarlik choralari ko‘rilgan. 

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida turli vahimali, xususan, Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bunday holatda odamlar sohadan uzoq bo‘lgan shaxslar tomonidan tarqatilayotgan asoslanmagan  ma'lumotlarga emas, balki mutaxassislar xolis fikri va xulosalariga e'tibor qaratishlari kerak.

Eng muhimi, ayni kunga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar qayd etilmadi. Yurtimizda ushbu kasallikka tashxis qo‘yish imkoniyati mavjud, shuningdek, davolay oladigan malakali mutaxassislar ham yetarli», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: