Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumiga 4 mingdan ortiq xorijlik salohiyatli investor va tadbirkorlar jalb etiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov XPKning navbatdagi sessiyasida ma'lum qildi.
«Shu yilning 5-6 mart kunlari Toshkentda xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur anjumanga xorijning 4 mingdan ortiq salohiyatli investor va tadbirkorlarini taklif etganmiz. Bundan tashqari, 400dan ortiq kompaniyalar rahbarlariga ham taklifnomalar yuborilgan», - deya Botir Usmonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Uning fikricha, forum O‘zbekistonga xorijiy investitsiya olib kirishni jadallashtirishga yordam beradi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi raisining o‘rinbosari v.b. To‘lqin Nabiyevning ma'lum qilishicha, 3000ga yaqin davlat korxonalarida davlat ulushi qoldirilishi masalasi bugungi kunda o‘rganib chiqilmoqda. Yaqin 2-3 oyda korxonalar samaradorligi tahlil qilinmoqda.
«Hozirda, davlat ulushi bor korxonalar faoliyati, iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinmoqda. Ushbu o‘rganishlar natijasida 3 ming atrofidagi davlat ulushi bor korxonalarning qaybiri xususiylashtirilishi, qaysilarida davlat ulushi kamaytirilishiga doir qaror qabul qilinadi. Shundan so‘ng, xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan korxonalar tadbirkorlarga sotiladi. Bu masalalar yaqin 2-3 oyda hal bo‘ladi», - dedi To‘lqin Nabiyev.