Senat Chiroqchi tumani IIB binosidagi voqeaga munosabat bildirdi

Jamiyat 13:56 / 30.01.2020 44350

«Shu kunlarda internet nashrlarida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha «Uchastkavoylaringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q desalaring, rozi qiladi» sarlavhasi ostida e'lon qilingan xabar ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu xabarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida o‘g‘irlikda gumonlangan 32 yoshli fuqaro Yu.A.ni kaltaklab o‘ldirgan IIB xodimlari o‘z qilmishlarini yashirishga urinishganligi, shuningdek, marhum Yu.A. bilan birga ota-bola – Qurbon Ostonoyev va Bahrom Avliyoqulov ham ayovsiz kaltaklanganligi keltirilgan.    

Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tuman IIB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan nazoratga olindi.

Ichki ishlar vazirligiga ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat vizifalari qonun asosida bajarilishini tashkil qilish, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini kuchaytirish topshirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mamlakatimizda har qanday ko‘rinishdagi jinoyatlarga nisbatan murosa qilib bo‘lmasligini ta'kidlaydi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabarida.

26 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak Yu.A 22 yanvar kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani, 23 yanvar kuni esa IIBdan uning murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi. 

27 yanvar kuni viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi («Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

«Daryo» muxbiri marhumning yaqinlari bilan, shuningdek, o‘sha kuni Yu.A bilan birga tergov qilish uchun olib borilib, qiynoqqa solingan ota-bola Qurbon Ostonoyev va Bahrom Avliyoqulov bilan ham gaplashgan. Ularning barchasi Yu.A shafqatsizlik bilan kaltaklanganini ta'kidlashgan, IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga uringani haqida aytib berishgandi.

Bugun, 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIB binosida OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilinishicha, shu voqea ortidan Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra iste'fo bergan.

Ko‘proq yangiliklar: