Vazir ichki ishlar xodimlari tomonidan kuch ishlatish holatlari bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston 16:40 / 07.08.2020 49276

«Jinoyatlarni fosh etishda qiynoq usulini qo‘llovchi, eskicha usulda ish olib boruvchi ayrim nopok xodimlar tizimda uchrab turibdi. Chiroqchi tumani va Andijon shahrida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qiynoq usulini qo‘llash va o‘lim holatlariga sababchi bo‘lish kuzatildi. Bu xalqning keng muhokamasiga, tizimga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ilgari bunday holatlar ommaviy axborot vositalarida yoritilmasdi, aholiga aytilmasdi. Hozirgi ochiqlik siyosati natijasida tizimdagi bu kamchiliklar oshkor bo‘lmoqda. 

Bunday usulda ish olib boruvchi xodimlarni aniqlab, tizimdan bo‘shatyapmiz. Xususan, joriy yilning dastlabki 6 oyida vazirlikning xavfsizlik inspeksiyasi xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy tarzda ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5ta holat aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun prokuraturaga kerakli materiallar yuborildi. 822 nafar xodimning xatti-harakatlari ko‘rib chiqilib, ulardan 173 nafari tizimdan bo‘shatildi, 114 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, 65 nafar rahbar rotatsiya qilinib, boshqa lavozimga o‘tkazildi», dedi u.

Po‘lat Bobojonov ichki ishlar tizimini huquqbuzar xodimlardan tozalash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi.

«Tizimda xizmat qilayotgan ichki ishlar bo‘lim boshliqlarining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari – 3500 nafar xodim attestatsiyadan o‘tkazilishi natijasida ulardan 35 nafari vazifasidan ozod etildi, 104 nafariga sinov muddati berildi. Xalq bilan bevosita ishlovchi xodimlar – yo‘l patrul xizmati, patrul-post xizmati, «pasport stol» tizimlarida ishlayotgan xodimlar ham attestatsiyadan o‘tkazildi. Ulardan 178 nafari lavozimidan bo‘shatildi, 1074 nafariga sinov muddati berildi.

Andijon voqeasidan to‘g‘ri xulosa qilgan holda, ichki ishlar organlariga olib kelinganlar bilan suhbat faqatgina bitta belgilangan xonada o‘tkazilishi, videotasvirga yozib olinishi belgilandi. Tergov bo‘limlarida ham tergov jarayoni faqatgina belgilangan xonada bo‘lishi shartligi mustahkamlab qo‘yildi. Bu bo‘yicha joylardagi birinchi rahbar va tergov bo‘limi boshlig‘i mas'ul etib qo‘yildi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: