O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Behzod Saylixonovich Hamrayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Bank matbuot xizmati xabar berishicha, uning zimmasiga pul-kredit siyosati, monetar operatsiyalar, statistika va tadqiqotlar yo‘nalishlarini nazorat qilish yuklatilgan.
Shu kungacha u Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Behzod Hamrayev yangi lavozimida MB raisining sobiq o‘rinbosari, 2019 yilning noyabrida «O‘zsanoatqurilishbank» raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Orif Bo‘tayevning o‘rnini egalladi.
Behzod Hamrayev 1983 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2006 yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini, 2016 yili Yaponiyaning siyosiy fanlar milliy institutini tamomlagan. Ekonometrika va statistika magistri darajasiga ega.
Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida boshlagan. 2008 yildan buyon Markaziy bank tizimida faoliyat ko‘rsatib keladi.