Facebook foydalanuvchilarga 550 mln dollarlik kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ldi

Fan-texnika 13:48 / 30.01.2020 4877

AQShning Facebook kompaniyasi Illinoys shtati aholisi tomonidan unga qarshi bildirilgan e'tirozlar bo‘yicha 550 mln dollarlik kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ldi. Kompaniya fuqarolarning biometrik ma'lumotlarini noqonuniy to‘plashda ayblangan.

The New York Times nashrining yozishicha, Illinoys aholisi ularning biometrik ma'lumotlari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ularning roziligisiz to‘planganidan arz qilgan. Ushbu holat bo‘yicha taftish 2015 yilda shikoyat qiluvchilar Facebook’ning yuzni tanish tizimi Facebook ma'muriyatiga ijtimoiy tarmoqqa yuklanuvchi fotosuratlar bo‘yicha foydalanuvchilarning ko‘zlari rangi haqidagi ma'lumotni to‘plash va saqlash imkonini berishini aytishgandan keyin boshlangan. Shikoyat arizasida ta'kidlanishicha, shu yo‘l bilan taxminan 6 mln internet-foydalanuvchining huquqlari buzilgan.

Shundan keyingi yillar davomida Facebook huquqshunoslari shikoyat arizasining jamoaviy maqomini o‘zgartirishga va sud taftishi to‘xtatilishiga erishishga harakat qilishgan. Endi esa kompaniya e'tirozlarni hal qilish maqsadida mo‘maygina pul to‘lashga rozi bo‘lgani ma'lum qilindi. 

“Biz hamjamiyatimiz va aksiyadorlar manfaati yo‘lida bu masalani o‘tmishda qoldirish uchun uni hal qilishga qaror qildik”, deb aytgan kompaniyaning moliyaviy direktori Devid Vener. 

Bugungi kunda Facebook ijtimoiy tarmog‘i auditoriyasi oyiga 2 mlrdga yaqin faol foydalanuvchini tashkil qiladi. Kompaniyaning 2018 yil natijalariga ko‘ra sof daromadi 22 mlrd dollardan oshgan.  

Ko‘proq yangiliklar: