Yaponiyaga reys yo‘lovchilarning uxanliklar bilan birga uchishga qarshi chiqishi sababli 5 soat ushlanib qoldi

Jahon 01:39 / 29.01.2020 12278

Shanxay-Nagoya (Yaponiya) reysi yo‘lovchilari Xitoyning Uxan shahridan bo‘lgan yo‘lovchilar bilan birga uchishni istashmagani sababli samolyot parvozi 5 soatdan ko‘proqqa ushlanib qoldi.

Bunga esa Uxan shahri yangi turdagi koronavirus tarqalishi o‘chog‘i hisoblanishi sabab bo‘lgan. 70 dan ko‘proq yo‘lovchi virusni yuqtirib olishdan qo‘rqib, uxanliklarning reysga qo‘yilishiga qarshi Shanxay aeroportida to‘polon ko‘targan. Ta'kidlanishicha, ular uxanliklarni talaffuzi bo‘yicha bilib olishgan. China Southern Airlines aviakompaniyasida ma'lum qilinishicha, o‘sha reys yo‘lovchilari orasida haqiqatan ham 16 nafar uxanlik bo‘lgan. 

Samolyot Xitoydan Yaponiyaga 27 yanvar soat 9.25da uchib ketishi kerak bo‘lgan. Ammo yo‘lovchilar uxanliklarga dushmanona munosabatda bo‘lib, ularning reysga chiqishlariga qarshilik ko‘rsatishgan. 

Oxir-oqibat, uzoq davom etgan qarama-qarshilikdan keyin barcha yo‘lovchilarga samolyotga chiqishga ruxsat berilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada hozirda yangi koronavirusdan 6 ta kasallanish holati qayd etilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: