Shiroq haqida serial, Behbudiy haqida badiiy film suratga olinadi

O‘zbekiston 17:40 / 29.01.2020 6553

«O‘zbekkino» milliy agentligi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan o‘zbek xalqining buyuk siymolariga bag‘ishlangan filmlarni suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Agentlik matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, filmlardan biri – sahroda shoh Doro boshchiligidagi fors bosqinchilarining katta qismini donoligi va jasorati bilan yenggan sak qabilasiga mansub cho‘pon Shiroq haqidagi serialdir.

Keyingi loyiha – taniqli ma'rifatparvar, jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri, atoqli yozuvchi va dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida badiiy film yaratishdan iborat.

2020 yil O‘zbekistonda Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi keng nishonlanadi. U haqdagi filmni shu yilning oxirigacha Samarqandda suratga olish rejalashtirilgan.

Shiroq haqidagi teleserialni suratga olishda maslahatchi sifatida chet ellik rejissyorlar ham ishtirok etadi.

Serial voqealari Samarqand va qisman Navoiy viloyatida suratga olinadi. Jumladan, film ijodkorlari tomonidan Shiroqning dushmanlarni adashtirishiga oid sahnalari uchun Navoiy viloyati xududidagi sahrolar tanlab olingan.

Tarixiy teleserial ssenariysi muallifi yozuvchi va kinodramaturg – Nazar Eshonqul hisoblanadi.

«O‘zbekkino» yuqoridagi filmlarning rejissyorlarini tanlov asosida tanlab olishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: