«O‘zbekiston o‘z fuqarolarini tashlab qo‘ymaydi» – Pekindagi elchixona videomurojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston 16:23 / 29.01.2020 22972

O‘zbekistonning Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi Xitoyda koronavirus tarqalishi va uning kengayishini oldini olish buyicha ko‘rilayotgan choralar haqida videomurojaat bilan chiqdi.

Elchixona vakili Akmalxon Olimxonovning so‘zlariga ko‘ra, 15 yanvardan elchixona qoshida maxsus shtab ishlamoqda.

«Oxirgi paytlarda Xitoy fuqarolaridan ko‘ra, boshqa mamlakatlar aholisi orasida vahima ko‘payib boryapti. Vahimali videolar, yangiliklar keng tarqalmoqda. Buning eng asosiy sababi –  tekshirilmagan va asossiz ma'lumotlar, axborotlarning tarqalishidir», – dedi elchixona vakili.

Videomurojaatda Xitoyda bugungi kunda kuzatilayotgan vaziyat haqida ma'lumot berilgan.

«Pekindagi shtab tomonidan nafaqat Uxan shahri, barcha provinsiyalardagi talabalar bilan aloqa o‘rnatilgan. Xitoyda eng keng tarqalgan ommaviy WeChat tarmog‘ida Uxan 2020 O‘zbekiston va Uxandagi o‘zbekistonliklar nomli guruhlar tuzilgan. Bu guruhlarda talabalar o‘zlarining fikrlarini, holatlari bo‘yicha muhokama qilish imkoniyatlari bor. Bundan tashqari, tegishli ko‘rsatmalar berib borilmoqda. Qolaversa, agar shaxsiy masalalar bo‘lsa, barcha shtab vakillarining mobil raqamlari berilgan va ular shaxsiy masalalar bo‘yicha murojaat qilishyapti va o‘z savollariga javob olishmoqda», – dedi videomurojaatda Akmalxon Olimxonov.

U Xitoy hukumati Uxan shahridan chiqishga ruxsat bermayotganiga ham to‘xtaldi.

«Xabaringiz bor, Uxan shahrida karantin holat joriy etilgan. Shaharga kirish va shahardan chiqish taqiqlangan. Aeroport, aerovokzal, vokzallar faoliyati to‘xtatilgan.

Nimaga Xitoy hukumati Uxan shahridan chiqishga ruxsat bermayapti? Karantin holati e'lon qilingani munosabati bilan tegishli hukumat idoralari boshqa diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalarining o‘zlarining fuqarolarini boshqa mamlakatlarga olib chiqishlariga rad javobi bermoqdalar. Chunki karantin yuqumli kasalliklarning keng tarqalishini cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuyi. Uxanda 12 million aholi bor. Bu degani ularning barchasi zararlangan degani emas», – deydi u.

«Xitoy Tashqi ishlar vazirligi kecha o‘tkazilgan brifingda ham xotirjam bo‘lishni va vahima ko‘tarmaslikni iltimos qilishdi. Chunki virusdan ko‘ra, bu narsa atrofida ko‘tarilayotgan vahima tahdid solishi aytib o‘tildi. Xitoy bundan oldin ham ilgari keng ko‘lamli epidemiyalarni yengib o‘tgan va koronavirus ustidan ham g‘alaba qozonadi.

Xitoy o‘zining hududida chet el fuqarolarining xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarga rioya qiladi. Vazirliklar va idoralar, shuningdek, shahar hokimliklari Uxan va Xitoy Xalq Respublikasini boshqa shaharlarda muammolarga duch kelgan fuqarolarni xavfsizligini ta'minlash uchun xorijiy diplomatik missiyalarning barchasiga yordam berishga tayyor ekanligini bildirishdi.

Hozirgi kunda Uxan shahri mamlakatning eng xavfsizroq shahri, deb tan olinyapti. Chunki u yerga boshqa 7ta provinsiyadan mingdan ortiq malakali shifokorlar, sifatli dori-darmonlar va yangi texnika, texnologiya va davolash dasturlari jalb etilgan. Shaharda dezinfeksiya ishlari keng olib borilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri 27 yanvar kuni Uxan shahriga inspeksion tashrif buyurgan paytda «ushbu koronavirusning davosi topilishiga oz qoldi», deb bayonot berdi.

Biz boshqa mamlakatlarning, qolaversa yirik mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Uxanda ularning ham fuqarolari va talabalari hozirgi kunda bor. Lekin ular vahima ko‘tarishayotgani yo‘q. Chunki ular juda yaxshi tushunishyaptiki, hozir ular Uxandan o‘z yurtiga qaytadigan bo‘lsa, yo‘lda, aeroportda odamdan yuqmasa ham, boshqa ashyolardan qandaydir virusni yuqtirib olish ehtimoli borligini bilishyapti. Shuning uchun karantin joyda inkubatsion davrni tinch o‘tkazishni afzal ko‘rishyapti. Chunki Uxanda, yana bir marta aytaman, malakali va avvalgi epidemiya paytlarida ham ishtirok etgan shifokorlar faoliyat ko‘rsatyapti.

Yana bir faktni inobatga olish kerakki, ushbu virusning keng tarqalishi aynan Xitoy Xalq Respublikasida o‘zining yangi yil bayramiga to‘g‘ri keldi. Xitoyliklar yangi yilda uzun ta'tilga chiqishadi. Bu kunlarda ko‘p muassasalar, tashkilotlar, korxonalar, hatto kichkina do‘konchalar, maishiy xizmatlar ham faoliyatini to‘xtatadi. Kim Xitoyda yashasa bilishadi: ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, shaharlarda odamlar juda kam yurishadi. Bunaqa 15-20 millionlik Pekin shahrida ham odamlar deyarli ertalabdan kechgacha umuman ko‘rinmaydi, mashinalar ham juda kam. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh.

Lekin hozir katta gipermarket, supermarketlarda ish boshlandi. Xususan, Uxan shahrida ham. Bizga videolarni jo‘natishyapti. Ko‘p talabalar bemalol borib, niqoblarini taqib, o‘sha supermarketlardan oziq-ovqatlarini, o‘zlariga kerakli narsalarni sotib olib, yana yotoqxonaga qaytib, bemalol ishlarini bitirishyapti», – dedi elchixona vakili.

Elchixona tomonidan qanday tavsiyalar bor?

«Xitoy Xalq Respublikasining Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda, ularning tavsiyalari asosida elchixona tomonidan shaxsiy gigiyena va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha eslatmalar ishlab chiqildi va yurtdoshlarimiz orasida keng tarqatildi. Ushbu shaxsiy gigiyena qoidalari qat'iyan rioya qilishingizni yana bir bor iltimos qilamiz. Bundan tashqari, Xitoyning Pekin, Siyan va Chendu shaharlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ochiq va bu reyslarning jadvallari, bo‘sh o‘rinlari bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etilgan.

Mamlakat hukumati Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Elchixona Xitoy Xalq Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xubey provinsiyasi va Uxan shahrining hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi.

Shu o‘rinda yana bir ta'kidlab o‘tamizki, Xubey va boshqa provinsiyalardagi fuqarolarimiz qandaydir ko‘mak va yordam kerak bo‘lsa, hech ikkilanmasdan shtabga murojaat etishlari mumkin. Yurtdoshlarimizdan yana iltimos qilamizki, vahimaga o‘rin yo‘q», – deyilgan O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan videomurojaatda.

Ko‘proq yangiliklar: