Mahkumlarga pensiya to‘lash uchun bir yilda 2,5 mlrd so‘m sarflanadi

O‘zbekiston 17:41 / 28.01.2020 3666

Tadbirda ishtirok etgan Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati bo‘limi boshlig‘i Shuhrat O‘taganov mahkumlarga pensiya tayinlash budjetda taqchillik keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘yicha savolga javob berdi.

«Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan bu yilda qariyb 8 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga pensiya tayinlash va to‘lash pensiya jamg‘armasi xarajatlariga sezilarli ta'sir qilmaydi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor 2,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yetarli ish stajiga egami, degan mazmunda ular o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Ularning ko‘pchiligida talab qilinadigan ish staji mavjud emas. Shu sababli ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga pensiya to‘lash budjet taqchilligini keltirib chiqarmaydi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ozodlikdan mahrum etilgan fuqaro pensiya tayinlanishi bo‘yicha vaqtida murojaat qilmasa, o‘tib ketgan muddatga pensiya to‘lanmaydi.

«Mahkum pensiya yoshiga yetgan bo‘lsa-yu, ammo bu haqida manzil-koloniya ma'muriyatiga 2 oy muddat ichida ariza yozmagan bo‘lsa, o‘tib ketgan muddat uchun pensiya tayinlanmaydi. Agar fuqaro bu muddat ichida ariza topshirsa, pensiya yoshiga to‘lgan sanadan boshlab pensiya to‘lab beriladi. Ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar esa davlat pensiyasi bilan ta'minlanmaydi. Ularning ijtimoiy himoyasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tartibga solinadi.

Jazo muddatini o‘tayotgan, ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga pensiya to‘lanmasligi yuzasidan Ichki ishlar vazirligi bilan muhokamalar o‘tkazganmiz, alohida qaror loyihasini tayyorlaganmiz. Unda ijtimoiy himoya nafaqasiga ham pensiya olish huquqini taqdim etish masalasi taklif etildi. Shuningdek, loyihada atigi 1 yillik ish stajiga ega bo‘lgan, pensiya yoshiga yetgan mahkumlarga ham pensiya tayinlanishi, nafaqa olish huquqi bekor qilingan bo‘lsa, uni tiklab berish tartibi ham belgilangan», deydi Shuhrat O‘taganov.

Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosari Medet Tleuovning qo‘shima qilishicha, manzil-koloniyalarda pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiya tayinlanishi bo‘yicha tartib ishlab chiqilgani, bu huquqdan qay tartibda foydalanishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilyapti. Uning ta'kidlashicha, hech qaysi fuqaro bexabar qolib ketmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: