«Ahmadboy»dan jabrlanganlarning pullarini qisman qaytarish boshlandi

O‘zbekiston 18:23 / 28.01.2020 28639

«Ahmadboy ishi» bo‘yicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qisman qoplab berish boshlandi. Bu haqda 28 yanvar kuni Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasida OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida 11 ming 700 nafar jabrlanuvchiga umumiy hisobda 418 mlrd 293 mln 345 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2019 yil 20 may kungi hukmi bilan xalq orasida Ahmadboy deb nom olgan Ahmad Tursunboyev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davrida xatlangan xorijiy va milliy valutadagi pul, ko‘chmas mulk, avtotransport va zargarlik buyumlari sotuvga qo‘yilgan.

Tadbirda «Ahmadboy ishi» bo‘yicha milliy valutadagi 26 mlrd 708 mln 295,7 ming so‘m pul, 12 mln 580 ming 622 AQSh dollari, shuningdek, zargarlik buyumlari, 29ta ko‘chmas mulk, 8 turdagi avtotransport vositalari va boshqa mol-mulklar jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun xatlangani ma'lum qilindi.

Mazkur mol mulklar sud qaroriga asosan sotuvga qo‘yilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘larini jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun proporsional tarzda taqsimlash belgilangan. Bugundan sotuvdan tushgan pul yetkazilgan zararni qoplash uchun Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan zarar miqdoridan kelib chiqqan holda proporsional tarzda jabrlanuvchilarning plastik kartochkalariga o‘tkazib berila boshlangan.

«Olib borilgan ijro harakatlari davomida dastlabki tergov davrida xatlangan mazkur mol-mulklarlarning bahosi hozirgi kundagi bozor qiymatiga mutanosibligi aniqlash maqsadida qayta baholash lozimligi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudiga ariza bilan murojaat qilingan. Sud ajrimiga asosan mol-mulklarni qayta baholash belgilangan. Natijada qarzdorlarga tegishli ko‘chmas mulk obektlari va avtotransport vositalari xatlanib, ro‘yxatga olindi, ayni paytda ularni baholash va realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Ijro harakatlari natijasida qarzdorning 3 turdagi ko‘chmas mulk obektlari va 1ta avtotransport vositasi elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotilib, pul mablag‘lari Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi depozit hisob raqamiga kelib tushgan.

Bugungi kun holatiga, Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasiga 4 mingdan ortiq jabrlanuvchilar, undirilgan pul mablag‘larini shaxsiy plastik karta hisob raqamlariga o‘tkazib berishni so‘rab murojaat qilgan», deya MIB Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'kidlanishicha, 920 nafar undiruvchining arizasiga ko‘ra, ularga bank tomonidan bepul plastik kartochkalar ochib berilgan bo‘lib, hozirda ushbu plastik kartalar egalariga tarqatilmoqda. MIB Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan maxsus elektron dastur ishlab chiqilib, 11 ming 700 nafar jabrlanuvchi va ularning foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar haqidagi barcha ma'lumot mazkur dasturga joylashtirilgan.

Toshkent viloyati boshqarmasi katta inspektori Abdurasul Abdusherozovning aytishicha, dastur inson omilidan xoli bo‘lib, ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘lari «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 80-moddasi talablari asosida barcha undiruvchilarga avtomatik tarzda mutanosib (proporsional) ravishda taqsimlaydi. Bu esa pullar haqqoniy taqsimlanishi imkonini beradi.

Tergov davomida xatlangan hamda hozirgacha onlayn auksion orqali sotilgan mol-mulk sotuvidan tushgan pul 146 mlrd so‘mni tashkil etadi. Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi mutasaddilarining ta'kidlashicha, bu barcha jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning taxminan 35 foiziga teng hisoblanadi.

Tushgan pul dastur orqali avtomatik taqsimlanib, jabrlanuvchilarning plastik karta hisob raqamlariga o‘tkazib berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: