30 yanvar kuni «Ahmadboy ishi» bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud bo‘lib o‘tadi

Jamiyat 16:43 / 29.01.2020 11934

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi X.Shermuxamedov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilar A.Tursunboyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Hozirgi kunda sud tergovi o‘tkazilmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 30 yanvar kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 28 oktyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmad Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni — 16) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha uchinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tarixidagi eng mashhur moliyaviy piramidani qurgan chinozlik Ahmad Tursunboyevga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan, 1 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan va u eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida jarimaga tortilgandi.

Ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarorining 6-bandi «b» kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan.

2019 yilning dekabrida Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyev Ahmad Tursunboyevning odamlardan jami 386 mlrd so‘m miqdorida qarzi mavjudligini ma'lum qilgandi. 2020 yilning yanvar oyi oxirida undan jabrlanganlarning pullarini qisman qaytarish boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: