Ukrainaning eng boy odami 200 mln yevrolik villa sotib oldi 

Jahon 22:20 / 27.01.2020 23454

Ukrainalik tadbirkor Rinat Axmetov Fransiyaning Lojuvard sohilida joylashgan 200 mln yevrolik villani sotib oldi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, Les Cèdres deb nomlanadigan ushbu villa O‘rta yer dengizi bo‘yidagi Sen-Jan-Kap-Ferra kommunasida joylashgan. XIX asrda qurilgan villa XX asr boshida Belgiya qiroli Leopold II’ga tegishli bo‘lgan, so‘ngra Grand Marnier konyagi ishlab chiqaruvchi Marne-Lapostol oilasi mulkiga aylangan.

2016 yilda Grand Marnier’ni ishlab chiqaruvchi kompaniyani Campari konserni sotib olgan. Aynan shu konsern villani Axmetovning SCM Holdings Limited kompaniyasiga sotgan. 14 ta yotoqxonasi bo‘lgan villaning umumiy maydoni 1700 kvadrat metrni tashkil qiladi.  

Rinat Axmetov Forbes nashriga ko‘ra, Ukrainaning eng boy odami hisoblanib, u 2018 yilda 6 mlrd dollar boylik bilan eng badavlat odamlar reytingida 272-o‘rinni egallagan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, milliarderning boyligi bir yil ichida 500 mln dollarga ko‘payib, u 2019 yilda reytingda birdaniga 62 o‘ringa yuqorilagan. 

Ta'kidlanishicha, Axmetov 2011 yilda Londondagi eng qimmat kvartirani sotib olgan. Gayd-parkda joylashgan apartamentlar unga 137 mln funt sterlingga tushgan.

Ko‘proq yangiliklar: