2020 yil davomida iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumi e'lon qilinadi – Jamshid Qo‘chqorov

Iqtisodiyot 18:31 / 27.01.2020 34836

O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumini hisoblab, e'lon qilish uchun hech qanday muammo yo‘qligi, 2020 yil davomida yashash minimumi va minimal iste'mol savatchasiga oid raqamlar e'lon qilinishini ma'lum qildi.

«Kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi ishlab chiqiladigan bo‘lsa, iste'mol savatchasi va yashash darajasining minimumi qachon belgilanishi haqidagi savolga javob berishga majbur bo‘lamiz.

Yashash darajasi minimumini e'lon qilish, to‘g‘risi, ma'lum bir yuridik muammolarni keltirib chiqaradi. Buni ochiq aytishimiz kerak. Yashash minimumini hisoblab chiqdik ham deylik. 2018 yilda hisoblaganda 700 ming so‘m atrofida edi.

Faraz qilaylik, hozir 800 yoki 900 ming so‘m deb olsak, Konstitutsiyamizda pensiya va ijtimoiy nafaqalar yashash minimumidan kam bo‘lishi mumkin emas deb yozib qo‘yilgan. Agar hozir shu raqamni e'lon qiladigan bo‘lsak, pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq ayni paytda biz buni oshirish imkoniyatiga ega emasmiz, budjetimiz ko‘tara olmaydi. YaIM kichkina va undan tashqari [moliyaviy manbalar] hech qayerdan paydo bo‘lmaydi. YaIMdan tashqari faqat tashqi qarz bor», deydi u.

Jamshid Qo‘chqorov, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayevning Senat yalpi majlisida senator Odiljon Iminovning shu mavzudagi savoliga javoban Rossiyada yashash minimumini aniqlash va eng kam oylik miqdorini belgilashga 10 yil ketgani, bizda ham ikkita ko‘rsatkichni muvozanatga keltirishga bir necha yil ketishi haqidagi so‘zlariga ham izoh berib o‘tdi.

«Rossiyaga 10 yil kerak bo‘ldi degan gapning ma'nosi nima? Iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumini ishlab chiqishga 10 yil ketmagan. Shu ko‘rsatkichga yetishib olishlariga 10 yil ketgan. Ular har yili iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumi ko‘rsatkichini ma'lum miqdorda oshirib borib, 10 yilda haqiqiy ko‘rsatkichga tenglashishgan.

Bu masaladayam jamiyat bilan ma'lum ma'noda kelishuvga erishishimiz kerak. Ya'ni biz aytishimiz kerakki, hurmatli hamyurtlar, bizda yashash minimumi miqdori 900 ming so‘m, lekin biz buni to‘lay olmaymiz. Chunki 13 mln yoshi katta aholi bor, shuning bor-yo‘g‘i 5 millioni daromad solig‘i to‘laydi, qolgani hech qanaqa soliq to‘lamaydi. Shuning uchun biz hozir yashash minimumi darajasida nafaqa yoki pensiya to‘lash imkoniyatiga ega emasmiz. Iqtisodiy jihatdan o‘sib boraversak, yalpi ichki mahsulotimiz ko‘payib boraversa, budjet davromadlariyam shunga yarasha ko‘payib boraversa, nafaqalar miqdorini yashash minimumi darajasiga yetkazamiz. Bu masalada hamma – hukumat, jurnalistlar, parlament, jamoatchilik yakdil bo‘lishi kerak», deydi vazir.

Avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari bilan bog‘liq vaziyat haqida ham izoh bergan, mamlakat tashqi qarzi 2020–2022-yillarda ham anchagina tez sur'atlar bilan o‘sishini aytgan edi. Shu bilan birga, u Prezidentning parlamentga murojaatida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi qo‘shimcha xarajatlarni talab qilishi, biroq bu budjetga yuk bo‘lmasligini ta'kidlagan edi

Ko‘proq yangiliklar: