Tomskda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari Toshkentga olib kelindi (video)

O‘zbekiston 12:00 / 26.01.2020 47971

21 yanvar kuni Tomsk viloyatidagi yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning 10 nafarining jasadi vatanga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yil 26 yanvar kuni ertalab HY-668 reysi bilan TIV, IIV va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Tomsk viloyati Asinovskiy tumani Prichulimskiy posyolkasida joylashgan yog‘ochli uy yonishi natijasida halok bo‘lgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarolari jasadlari Toshkent shahriga yetkazildi.

Qolgan ikki nafar marhum jasadlari DNK tahlili natijalari aniqlangandan keyin yuboriladi.

Bosh konsulxona ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ishlagan «GreenWood» MChJ o‘rmon kesish kompaniyasi direktori huquqni himoya qilish idoralari tomonidan qo‘lgan olingan», deyiladi TIV ma'lumotida.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham marhumlarning tobutlari Toshkentda kutib olingani tasvirlarini e'lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumanidagi bir qavatli yog‘och uyda yong‘in ro‘y berib, uyning 208 metr kvadrat maydoni yonib ketgandi.

Dastlabki xabarlarda yong‘in oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani, ulardan 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgandi. Keyinroq yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 11 kishiga yetgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: