Andijonda «Radiomer» dasturi orqali elektr energiyasini nazorat qilish ishlari bir necha tumanlarda to‘liq yo‘lga qo‘yildi

Jamiyat 15:30 / 24.01.2020 4852

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatida elektr energiyasi uzatishda tarmoqdagi yo‘qotishlarga barham berish, uskunalarni zo‘riqishdan muhofaza qilish maqsadida quvvat sarfini ishonchli nazorat qiladigan kompyuterlashtirilgan tizimni sohaga tatbiq etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Xususan, jamiyatning aloqa bo‘limi boshlig‘i Odiljon Nuriddinov rahbarligidagi mutaxassislar guruhi tomonidan amaliyotga joriy qilingan «Radiomer» – mnemosxema avtomatlashtirilgan tizimi hududdagi nimstansiyalardan uzatilayotgan quvvat miqdorini nazorat qilish imkonini yaratdi.

Hozirgi kunda «Radiomer» dasturi orqali uzatilayotgan elektr energiyasini nazorat qilish ishlari viloyatning Baliqchi, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon, Asaka tumanlarida to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Misol tariqasida Asaka tumanini oladigan bo‘lsak, 64 dona tarmoqdan har 30 soniya vaqt oralig‘ida navbatchilik bo‘limiga tarmoqlarning ishlashi to‘g‘risida ma'lumotlar kelib tushadi. Dastur asosida 220/110/35/10/6 kVli nimstansiyalaridagi liniya va tarmoqlarning to‘liq nazorati o‘rnatilgan. Dasturda RGB svetodiodining doimo yoniqligi tarmoqlarni qaysi holatda turganligini ko‘rsatsa, svetodiodning har xil ranglarda o‘chib-yonishi nosozliklar va zo‘riqishlarni ko‘rsatadi. Qisqacha aytganda, «Radiomer» dasturida barcha nosozliklar uch turga ajratilgan holda elektron jurnalga qayd qilinadi.

Yangilikning amaliyotga ko‘chishi transformatorlarning me'yoriy rejimda ishlashi, iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazishni yaxshilash bilan uning sarf miqdorini joyida aniqlash imkonini yaratadi. O‘zboshimchalik bilan noqonuniy foydalanayotgan iste'molchilarning xatti-harakatlari aniq ko‘rinadi.

– Avvallari transformator ishlamayotgani haqida xabar kelganda ishchi guruhi joyiga borib, nosozlik yechimini topish choralarini ko‘rishga bir necha soat vaqt sarflardi. Bu esa, o‘z navbatida, ta'mirlash ishlarining cho‘zilishi, pirovardida aholi elektr energiyasi ta'minotida uzilish bo‘lardi, – deydi muhandis. – Yangi tizim esa bunday eskicha ish uslubiga barham beradi.

Odiljon Nuriddinov taklifi asosida ushbu tizim endilikda nafaqat Andijon, balki Toshkent, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham qo‘llanilayotgani mamlakatimizda yaratuvchilik, yangiliklarga katta e'tibor qaratilayotganidan dalolatdir.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: