Afrikada oxirgi 25 yil ichida chigirtkaning eng katta ko‘lamli yopirilishi kuzatilmoqda

Jahon 23:49 / 24.01.2020 18082

Afrikadagi Somali (Afrika shoxi) yarimoroli hamda yaqin atrofdagi davlatlar hududlarida oxirgi 25 yil ichida chigirtkaning eng katta ko‘lamli yopirilishi kuzatilmoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, chigirtka yopirilgan hududlarda 19 mlndan ko‘proq odam yashaydi. Ularning oziq-ovqat xavfsizligi mislsiz tahdid ostida qolmoqda. Hayotiy muhim ekinlar butkul yakson bo‘lishi mumkin.

Cho‘l chigirtkasi ushbu mintaqada har doim ham kuzatilmaydi – uning oxirgi yopirilishi 2007 yilda kichikroq ko‘lamlarda yuz bergan. Taxmin qilinishicha, hasharotning tarqalishiga 2019 yildagi ob-havo va iqlim sharoitlari, jumladan oktyabrdan dekabrgacha davom etgan kuchli yomg‘irlar olib kelgan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko‘ra, bu vaziyat “eng yomon holatda” o‘lat keltirib chiqarishi mumkin. Tashkilotda ta'kidlanishicha, cho‘l chigirtkasi galalari uzoq vaqt havoda qolishi hamda 130 km va undan ko‘proq masofani bosib o‘tishi mumkin.  

Ekspertlar chigirtka galalari qo‘shni Uganda va Janubiy Sudanga migratsiya qilishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda. Chigirtkalarni yo‘qotish uchun har kuni havodan pestitsidlar purkalmoqda.

Somali yarimoroli hududiga asosan Somali, qisman Efiopiya, Eritreya va Jibuti hududlari kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: