Yana Kokorin. «Sochi» uni ijaraga olganini e'lon qildi, hujumchining o‘zi va Semak bu xabardan hayron

Sport 01:16 / 22.01.2020 7733

«Sochi» klubi o‘z rasmiy saytida «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorinni mavsum so‘ngigacha ijaraga olganini e'lon qildi. Ammo «Zenit» klubining rasmiy sayti bu transferni e'lon qilgani yo‘q.

Kokorinning «Sochi»ga o‘tgani haqidagi xabardan bir necha soat o‘tib, Qatarda yig‘in o‘tkazayotgan «Zenit» klubining mahalliy «Al-Uvaynah» jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida (10:0) Kokorin jamoa sardori sifatida maydonga  tushdi va xet-trikka erishdi. Bu Kokorinning qamoqdan chiqqandan so‘ng ilk o‘yini edi. Bahsdan so‘ng peterburgliklar bosh murabbiyi Sergey Semak ushbu vaziyatga to‘xtalib, futbolchining jamoaga kerak ekanligini aytdi. 

Foto: Zenit

«Albatta, Kokoringa bu xabarni eshitish yoqimsiz bo‘ldi. U bugungi yangiliklardan xafa. Sashaning maydonga tushishi bizning unga bo‘lgan ishonchimizdir. U – bizga kerak bo‘lgan futbolchi, buni u har bir mashg‘ulotda, hatto bugungi o‘yinda ham isbotladi. Sasha biz bilan birga ekanligidan xursandmiz va budan g‘ururlanamiz. Uning kelajagi «Zenit»da, ammo qarorni men qabul qilmayman. Vaziyat qanday rivojlanishini bilish qiyin. Nima qilish kerakligini keyinroq bilib olamiz» , – deb murabbiyning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti.

Bundan ko‘rinadiki, Kokorin o‘zining ijaraga berilganidan OAV orqali xabar topgan. Murabbiy esa hujumchini «Sochi»ga qo‘yib yuborishni xohlamayapti.

Avvalroq «Zenit» bosh direktori Aleksandr Medvedev Kokorin hech qayerga ketmasligini haqida aytib o‘tgandi.  

Foto: Zenit

Hozircha «Zenit» klubi rahbariyatining ushbu chigal masala bo‘yicha yakuniy qarori kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kokorin 2018 yil 8 oktabr kuni Moskva markazida 2ta mushtlashuvda ishtirok etgani uchun 1 yilu 6 oy qamoq jazosiga mahkum qilingan, ammo 2019 yil 17 sentabr kuni muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan edi.

Kokorin qamoqdan ozod etilgach, «Zenit» u bilan mavsum oxiriga qadar mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagandi. Lekin RFI transfer oynasi yopilgani uchun futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazmagan, shuning uchun Kokorin yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kutilayotgandi.

Ko‘proq yangiliklar: