MIB: elektr energiyasi uchun 545 mlrd so‘m, tabiiy gaz uchun 431 mlrd so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan

Jamiyat 14:50 / 22.01.2020 9854

Bugun, 22 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda mas'ul xodimlari ishtirokida «Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar» mavzusida matubot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, byuro tashkil etilgandan buyon energiya resurslari, suv ta'minoti va maishiy chiqindilar bo‘yicha jami 73 trln. so‘m (elektr energiyasi – 37,4 trln. so‘m, tabiiy gaz – 37 trln. so‘m, ichimlik suvi – 2,2 trln. va maishiy chiqindi – 286 mlrd. so‘m) mablag‘lar undirildi. Bu Byuro tashkil etilmasdan oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 180 foiz ko‘p demakdir. Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta'minlash borasida 42,1 trln so‘mga yaqin undiruv amalga oshirildi. Byuro davrida undiruv 60 foizga o‘sgan.

Eng muhim masalalardan biri noreal, ya'ni asossiz qarzdorliklar hisoblanishi tadbir davomida ta'kidlab o‘tildi. Tahlillar, asossiz qarzdorliklar muqaddam ta'minotchi korxonalar tomonidan iste'molchilar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilmagani, energiya resurslari va suv ta'minotining talon-toroj qilinishi va iste'molchilarga yetkazib berilishidagi tabiiy yo‘qotishlar iste'molchilar zimmasiga qarzdorlik sifatida hisoblanishi sababli yuzaga kelganini ko‘rsatgan.

O‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, respublikadagi 429 ming nafardan ortiq iste'molchilarga foydalanilmagan elektr energiyasi uchun 545 mlrd so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 212 ming nafar iste'molchilarga 430,8 mlrd so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangani aniqlangan.

Foydalanilmagan energiya resurslari uchun iste'molchilarga asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatlari bo‘yicha Byuro organlari tomonidan 1 trln 342 mlrd so‘m noreal qarzdorlik bo‘yicha jami 146ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ma'lum qilinishicha, energiya va suvdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 1 trln 188 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

MIB faoliyatiga oid ma'lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarliklarni fosh etish bo‘yicha energiya resurslari va suv ta'minotidan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha 1 trln. 188 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, 975ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 84ta ohak va g‘isht zavodlarda 12 mlrd 688 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

2019 yil davomida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 132ta holat aniqlanib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilgan.

Byuro tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan, 200dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.

«Biz zimmamizga yuklangan har bir topshiriqni bajaramiz. O‘tgan davr davomida kodeksga 10 marta o‘zgartirish kiritildi, to‘ldirildi. Lekin butunlay yangilash faqat bizga bog‘liq emas. Bizga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolik, ma'muriy va jinoyat kodekslariga ham bog‘liq. Ularning bizga aloqador kodekslarini yakunlash muddatlari turlicha belgilangan. Ya'ni biz o‘z hujjatlarimiz boshqa yo‘nalishlar bilan ham muvofiqlashtirishimiz lozim. Hozir biz o‘zimizcha qabul qilib olsak, keyinchalik boshqa yo‘nalishlarga zid kelib qolsa, huquqiy bo‘shliq, tushunmovchiliklar yuzaga keladi», deya izoh berdi Majburiy ijro byurosining Huquqiy ta'minlash va huquqiy-aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burxanov hamon Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi ishlab chiqilmagani to‘g‘risidagi savolga javoban.

Ko‘proq yangiliklar: