Prezident deputatlarga: «Kerak bo‘lsa vazirlarni ishdan olishga takliflar beringlar»

O‘zbekiston 13:10 / 20.01.2020 43794

«Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi», dedi prezident. 

Quyi palata har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam demokratiya maktabiga aylanishi zarurligi ta'kidlandi.

«O‘z qo‘llaringda. Chaqiringlar Adliya vazirini, eshiklarni yopib olib gaplashinglar, muovinlari bilan. Qachon o‘rganasan qonun yozishni deb.

Tashabbuskor vazirni chaqiringlar. Vazir bo‘lib o‘z sohang bo‘yicha qonunni xato yozasan, denglar. Nega o‘qimaysan, biz prezidentga taklif beramiz, Adliya vaziriniyam, muovinniyam, tashabbuskor vazirniyam ishdan olish kerak deb aytinglar.

Mana shunday amaliyotni ko‘ringlar. Avvalgi deputatlarda bu gaplar bo‘lmagan, tasavvurigayam kemagan. Mana shunday takliflar beringlar. 

Mengayam oson bo‘ladi. Joylarda ijrosi bo‘lsa, xalqimiz qabul qilsa har bir qonunni. Har bir tashkilotning yo‘lini ko‘rsatib, uni nazorat qiladigan qonun bo‘lsa, jamiyat o‘zgaradi, munosabat o‘zgaradi, vaziyat o‘zgaradi, natija bo‘ladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘tgan besh yil davomida palata faoliyati sezilarli darajada jonlanib, 540ta qonun yoki 2010-2014 yillardagiga nisbatan 2 barobar ko‘p qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan. Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, Saylov kodeksi kabi muhim hujjatlar qabul qilingan.

Shuningdek, oxirgi ikki yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar ishlab chiqila boshlandi.

Quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha joylarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng 400dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin normalar fuqarolar bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Aholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010-2014 yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi.

Shavkat Mirziyoyev deputatlar asosiy e'tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi lozimligini ta'kidladi.

«Darhaqiqat, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar o‘z vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qat'iyatli bo‘lishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. Har bir qonunning, ta'bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak», – dedi Prezident.

Ko‘proq yangiliklar: