«Mahalla» kengashi rahbari o‘zgaradi. Yangi rais senator bo‘ladi

O‘zbekiston 17:40 / 20.01.2020 39307

Bugun, 20 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Mahalla» kengashiga yangi rahbar tayinlanishi va u ham senator bo‘lishini ma'lum qildi.

«Yaqinda eshitasizlar, «Mahalla»ning rahbarini ham almashtiramiz. Mahallaning tizimi ham boshqacha bo‘ladi, rahbari ham boshqa bo‘ladi. Biz mahallaning jamiyatdagi rolini kuchaytirmoqchimiz.

Shu sababli «Mahalla» kengashiga ham o‘zim ishongan odamni olib kelmoqchiman. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasini boshlig‘ini bekorga chaqirganim yo‘q. U hali sizlardek senator bo‘ladi, «Mahalla»ning raisi bo‘ladi tez orada», degan Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumot uchun, «Mahalla» kengashiga 2017 yilning yanvaridan buyon Shavkat Javlonov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Farg‘ona viloyati IIBning ayni vaqtdagi boshlig‘i esa Rahmat Mamatov hisoblanadi, u bu lavozimga 2017 yilning oktyabrida tayinlangan.

Farg‘ona IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov

Bundan avvalroq, «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov lavozimini tark etib, uning o‘rnini Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi Sodiqjon Turdiyev egallagan, u prezident farmoni bilan senator etib tayinlangandi.

Saylov kodeksining 75-moddasiga muvofiq, Senatning 16 nafar a'zosi fan, san'at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

18 yanvar kuni prezident «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolarini tayinlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan 13 nafar senatorni tayinlagandi, endi ular qatoriga 14-bo‘lib Rahmat Mamatov qo‘shilishi ma'lum bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: