Davlat departamenti O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 14,4 mln dollar so‘radi

O‘zbekiston 09:21 / 20.01.2020 11724

AQSh Kongressining tadqiqot xizmati O‘zbekistondagi islohotlarga baho berilgan hisobotni e'lon qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, Donald Tramp ma'muriyati boshidanoq O‘zbekistonning islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qat'iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Vashington shahriga rasmiy tashrifi chog‘ida qabul qilingan «O‘zbekiston va AQSh: strategik sheriklikning yangi davri boshlanishi» qo‘shma bayonotining ahamiyati ta'kidlandi.

Hisobot mualliflari xabar berishicha, AQShning O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordami mamlakatdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga, qonun ustuvorligi va iqtisodiy rivojlanishga, shu jumladan, Amerika texnologiyalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishga ko‘mak berishga qaratilgandir. Yordam, shuningdek, xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida chegara nazoratini yaxshilashni ham ko‘zda tutadi.

Shu nuqtai nazardan qayd etilishicha, Davlat departamenti O‘zbekiston uchun 2020 moliyaviy yil uchun 14,4 million dollar so‘radi. 2017 moliyaviy yilda bu raqam 10,6 mln dollar bo‘lgan.

2017-2018 yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi ikki baravar ko‘paydi (taxminan 150 milliondan 300 million dollargacha). AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning fikricha, «savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar mavjud».

Ko‘proq yangiliklar: