15 sutkaga qamalgan fuqaro sud va prokuraturadan shikoyat qildi

Jamiyat 22:33 / 20.01.2020 44727

OAV vakillari press-tur chog‘ida o‘zini Ibrohim G‘ofurov deb tanishtirgan huquqbuzar bilan suhbatlashdi. U aliment kvitansiyalarini sudga taqdim eta olmagani uchun 15 sutkaga qamalganini alohida ta'kidlab, Chilonzor tuman sudi va prokuratura idoralari uning so‘zlarini inobatga olmaganini ta'kidladi. 

«Aliment pulini berib, kvitansiyasini olib bermaganimga 15 sutka oldim. Kvitansiya olib kelmagansan, deyishdi. Men unga ishonib, qo‘liga beruvdim. Sudya qo‘ng‘iroq qilganida “men hech narsa olmaganman”, dedi. Sabab shu bo‘ldi. 

O‘zim yaqinda keluvdim. 2014 yildan Rossiyada ishladim. U yoqda o‘xshamadi. Quruq qaytib keldim. 2014 yilda ketgan bo‘lsam, 2017 yil oxirigacha doimiy pul jo‘natib turganman. Bular ham e'tiborga olinmadi. Bittasi qaragani ham yo‘q. Tekshirgani ham yo‘q. Prokuraturaga ham yozdim. “Keling-keling”, deyishdi, tayinli gap yo‘q.

Bu yerdan chiqqach, advokat olaman, davlat advokatidan. Pulim yo‘q advokatga to‘lashga. Menga 2 bolamga 1 933 ming so‘m yozgan. Aybsizligimni isbotlashim kerak. To‘g‘ri kvitansiya olmaganman. Birga yashayman, deb aldadi meni. Mana yangi yilgacha birga edik. Ishga kirganimga bir oy bo‘lgandi. “Gazel” haydayman. Ishdan olib ketishdi», - deydi Ibrohim G‘ofurov.

Kun.uz tahririyati Chilonzor tuman sudi va prokuraturasi ushbu ish yuzasidan to‘liqroq o‘rganishlar olib boradi, deb ishonch bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: