Rossiyada «qozoqcha ssenariy», Ukrainada iste'fo berib ketmagan vazir, O‘zbekistonning yangi senatorlari va haftaning boshqa xabarlari

O‘zbekiston 19:51 / 19.01.2020 28572

Saylovdan keyin

Toshkent shahridan senatorlikka saylanganlar / Toshkent shahri hokimligi

13 yanvar kuni viloyatlarda yangi chaqiriqdagi Xalq deputatlari viloyat kengashlarining ilk sessiyalari bo‘lib o‘tdi va 12ta viloyat, Toshkent shahri hamda Jo‘qorg‘i Kengesda 2019 yil dekabridagi saylov natijalari bo‘yicha axborotlar tinglanib, hududiy rahbarlar o‘z lavozimlariga qayta saylandi.

16-17 yanvar kunlarida esa O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Oliy Majlis Senati a'zolarini saylash jarayoni bo‘lib o‘tdi. 14ta hududdan 6 nafardan jami 84 senator saylandi. Ular orasida 14 hudud rahbaridan tashqari, viloyat hokimlari o‘rinbosarlari, «Nuroniy» jamg‘armasining viloyat bo‘limlari raislari, shuningdek, yirik tadbirkorlarni uchratish mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Senatning 16 nafar a'zosi fan, san'at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan saralanib Prezident tayinlashi belgilangan.

18 yanvar kuni maxsus farmon bilan 13 nafar senator tayinlandi. Ulardan ikki nafari hukumat a'zosi, yana ikki nafari esa Prezident administratsiyasi vakilidir. Avvalgi chaqiriqdagi Senatning tarkibida bo‘lganlardan faqat Elmira Bositxonova, Mirakbar Rahmonqulov, Quvondiq Sanaqulov va Sodiq Safoyev qayta tayinlangan, yana 3 nafar senator tayinlanishi kutilmoqda.

Senatdagi eng yoshi katta a'zo «Nuroniy» jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining raisi Sharap Usnatdinov (79 yosh), eng yoshi kichigi esa prezident farmoni bilan tayinlangan Yoshlar Ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev (26 yosh) bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda senatorlarning yoshi bo‘yicha ko‘plab kinoyali fikrlar bildirilgach, Xalqaro press−klub raisi, MSK a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev jahon amaliyotida, xususan, Yevropa Parlamentlarining ham yuqori palatasi katta hayotiy tajribaga ega va jiddiy yutuqlarga erishgan, malakali siyosatchilardan iborat bo‘lishi haqida gapirdi. 

«Mehribon piarchi» kanali muallifi uning bu munosabatini e'tiborsiz qoldirmadi.

Gap shundaki, bunday solishtirish unchalik to‘g‘ri emas. Birinchidan, G‘arbda va bizda parlamentarizm rivojlanish darajasi va tajribasi yer bilan osmoncha farq qiladi. Ma'lumki, Yevropadagi birinchi parlamentlar qariyb ming yil avval tuzilgan va hamon uzluksiz faoliyatini to‘xtatgan emas. Bizdachi? So‘nggi yuz yil ichida o‘zbeklar Chor Rossiyasining Davlat Dumasining Musulmonlar fraksiyasiga, keyin Ittifoqning Oliy kengashi, undan so‘ng mustaqil O‘zbekistonning Oliy kengashiga, keyin ikki palatalik Oliy Majlisga saylana ulgurishdi. So‘nggi bir asr davomida ikkita imperiya tarkibida yashab ko‘rgan bo‘lsak, monarxiyaniyam ko‘rib, sotsializm qurib, keyin erkimizni topgan bo‘lsak, o‘zimizni barqaror va anchadan beri demokratik Yevropa bilan solishtirishimiz g‘alati emasmi?

Shu yerda yana bir gap. O‘zimizga qulay bo‘lsa, Yevropa bilan o‘zimizni solishtiramiz, iqtisodiy rivojlanish, fuqarolik jamiyati taraqqiyoti haqida gap ketganda esa «mustaqil bo‘lganimizga endi 30 yil ham bo‘lmadi−ku, G‘arb bo‘lsa 300 yildan beri demokratiyada yashayapti, sabr qilinglar» deymiz. Zo‘r−a?

Ikkinchidan, Senatga saylangan «katta hayotiy tajribaga ega va jiddiy yutuqlarga erishgan, malakali siyosatchilar» haqida. Bir umr tayinlanadigan lavozimlarni egallab kelgan odamlarni siyosatchi deyish mushkul, negaki ular hayoti davomida bittayam mustaqil saylovoldi kampaniya o‘tkazmagan. Yevropada bo‘lsa yoshlar maktabdan boshlab saylovchilar ovozi uchun kurasha boshlaydi.

Va nihoyat uchinchisi – demografiya masalasi. Yevropa aholisining o‘rtacha yoshi 40 atrofida va undan yuqori bo‘lsa, o‘rtacha o‘zbekistonlik 28 yoshda. Garov bog‘lashamanki, senatorlarning o‘rtacha yoshi bundan ikki karra katta.

Putin ketmoqchimi?

RF bosh vaziri v.b Dmitriy Medvedev va prezident Vladimir Putin Hukumat uyida
Foto: EPA/Vostock-photo

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning Federal Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida amaldagi konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritishni taklif qilishi va buning ortidan Dmitriy Medvedevning hukumati to‘liq tarkibda iste'foga chiqishidan keyin ekspertlar bu o‘zgarishlar nimalarga olib kelishi, 2024 yilda vakolati muddati yakunlanadigan Putinni kelajakda nima kutayotgani to‘g‘risidagi fikr-mulohazalar bildirishdi.

Politolog Yekaterina Shulmanning fikricha, Putin qarshisida uchta ssenariy turgandi - «xitoy», «belarus» va «qozoq» ssenariylari. Birinchi holatda, Duma shunchaki prezident lavozimini bir kishi ketma-ket ikkitadan ortiq muddat egallashini taqiqlashga doir tartibni bekor qilishi, ikkinchi holatda Belarus bilan qo‘shilish va yangi davlat rahbari sifatida birinchi marta saylanish, uchinchi holatda xuddi Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev bilan bo‘lgani kabi (elboshi) prezident «millat otasi»ga aylanishi. Ekspertlarning hisoblashicha, yakunda uchinchi ssenariy tanlangan.

Bu fikrlarni «Tashqarida» kanali muallifi to‘ldirgan.

Bu orada Belarus bilan ittifoq-davlatni mustahkamlash va Putin ushbu tuzilmaning rahbari sifatida hokimiyatda qolishi varianti ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Belarusdagi namoyishlar va Lukashenkoning suverenitet to‘g‘risidagi bayonotlaridan keyin bu variant ro‘yxatdan o‘chdi.

2019 yil dekabridagi matbuot anjumanida Putin ilk marta anchadan buyon tor doiralarda muhokama qilinayotgan konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini gapirdi. 2020 yil yanvarida esa parlamentga murojaatida aynan qanday o‘zgarishlar kutilayotganini e'lon qildi.

Taklif qilingan eng asosiy o‘zgarishlardan biri - o‘sha matbuot anjumanida aytilgan «bir kishi prezidentlikka ketma-ket ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas» jumlasidan «ketma-ket» so‘zini olib tashlash. Ya'ni, agar o‘zgarishlar amalga oshsa, bir kishi har qanaqasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lolmaydi.

Tahlilchilar bu Putin prezidentlikdan ketishga qaror qilganini bildirishini aytmoqda. Aks holda shunchaki prezidentlikka saylanish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash taklif qilinishi kifoya edi. Putin faqat prezidentlikdan ketmoqchi, davlat boshqaruvidan emas. Buni taklif qilingan boshqa o‘zgarishlardan bilish mumkin.

Masalan, prezident tomonidan tayinlangan gubernatorlarning prezident boshchiligidagi yig‘ilishi bo‘lgan Davlat kengashini konstitutsiyaviy organga aylantirish taklif qilindi. Putin aynan shu organda rahbarlikni saqlagan holda davlat boshqaruvidagi ishtirokini davom ettipaverishi mumkin.

Ammo bu variantlardan biri xolos. To‘liq Qozog‘iston ssenariysi bo‘yicha harakatlanib, Xavfsizlik kengashiga rahbar bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, prezidentning ba'zi vakolatlari parlamentga o‘tkazilayotgani parlamentni kuchaytirish uchun emas, keyingi prezidentni tiyib turish uchun kengroq imkoniyat ochishga qaratilgan.

Jumladan, parlament endi shunchaki bosh vazir nomzodini ma'qullashi emas, balki uni va butun hukumat tarkibini tasdiqlashi taklif qilindi. Prezident esa tasdiqlangan hukumatni ma'qullashga majbur bo‘ladi. Putin prezidentlikdan ketganidan keyin «Yedinaya Rossiya» rahbarligiga qaytishi rejalashtirilayotgani va hukumat tarkibini hukmron partiya tavsiya qilishi inobatga olinsa, bu boradagi richag ham saqlanib qoladi.

Xullas, bir tarafdan Rossiyada boshqa avtoritar qo‘shnilariga unchalik o‘xshamashligi xalq tomonidan hukumatga yetarlicha bosim borligi tufayli konstitutsiyani shunchaki buzib bo‘lmasligi ko‘rinmoqda. Ikkinchi tarafdan, Rossiyada ham rahbar o‘zi hokimiyatda qolishi uchun o‘sha qo‘shnilaridan o‘rnak olib bemalol konstitutsiyani o‘zgartirishga urinmoqda. 

Davletov.uz kanali muallifi esa holatga «Rossiya taraqqiyotining O‘zbekiston va Qozog‘iston yo‘li» deb baho bergan.

Putin tomonidan taqdim etilgan qator takliflar allaqachon, ayrimlari esa oxirgi 4 yil ichida O‘zbekistonda ham amaliyotga tatbiq etilgan.

Rossiyadagi kechagi voqealarning ikkinchi to‘lqini — hukumatning to‘liq tarkibda iste'foga chiqishi bo‘ldi. Federal soliq xizmati rahbari Mixail Mishustinning RF hukumati raisi etib tayinlangani istiqboldagi Rossiyada Putinning roli qanday bo‘lishi haqida signal bo‘ldi. 

Aksariyat ekspertlar Putin vakolat muddati tugagach, Qozog‘iston birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tanlagan yo‘ldan borishini yakdillik bilan prognoz qilishayapti. Ya'ni konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish asosida Davlat kengashi (Qozog‘istondagi Xavfsizlik kengashi)ga konstitutsiyaviy maqom beriladi va asta-sekin ushbu tuzilma hukumatdan ustun organga aylanishi ham mumkin.

Ukraina: bosh vazir iste'fo berdi, ammo ketmadi

Aleksey Goncharuk va Vladimir Zelenskiy / GETTY IMAGES

17 yanvar kuni Ukraina bosh vaziri Aleksey Goncharuk iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi va uni parlamentga kiritish huquqi bilan prezident Vladimir Zelenskiyga topshirdi.

«Men bu lavozimga prezident dasturi ijrosini bajarish uchun kelganman. U men uchun shaffoflik va tartib namunasi hisoblanadi. Ammo, prezidentga ishonchimiz va hurmatimizga bo‘lgan har qanday shubhalarni bartaraf etish uchun men iste'fo to‘g‘risida ariza yozdim va uni parlamentga kiritish huquqi bilan prezidentga topshirdim», degan Goncharuk.

18 yanvar kuni Vladimir Zelenskiy Goncharukning arizasini rad etdi.

«Men bugun sizning ishdan bo‘shash haqidagi arizangizni oldim va so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘layotgan mojaroviy vaziyatlar yoki qanday ataymiz, yoqimsiz holatlar sabab… Agar siz bugungi kunda jamiyatimizni xavotirga solayotgan juda muhim masalalarni hal etsangiz sizga va sizning hukumatingizga imkoniyat berishga qaror qildim.

Men siz bu hukumatni qanday tanlaganingiz, siz va ular bilan gaplashganimiz esimda. Shu sababli sizdan hukumatdagi zaif joylarni topishni va u yoki bu rahbarni uning malakasi haqidagi ma'lumotlarga tayanib almashtirishni so‘rayman», degan Zelenskiy Goncharuk bilan uchrashuvda.

15-16 yanvar kunlarida internetda Goncharuk bilan bog‘liq mojaroli audioyozuvlar tarqalgan, ularda Ukraina bosh vaziri ekani aytilgan ovoz sohibi Milliy bank rahbari va Moliya vaziri bilan birga mamlakat iqtisodiy siyosatini muhokama qilishgani, ular prezident Vladimir Zelenskiyni iqtisodiy siyosatda layoqatsizligi haqida gaplashishgani aks etgandi. Masalan, Goncharukniki aytilgan ovoz uni «juda oddiy fikrlovchi, iqtisodiy sohada hech narsani tushunmaydigan noshud» deb atagan.

Yozuvlarning birinchisi YouTube’da 15 yanvar kuni ochilgan «Kak obmanut prezidenta» kanalida e'lon qilindi. Ma'lum qilinishicha, bu yozuv 2019 yilning 16 dekabrida ukrainalik amaldorlarning norasmiy uchrashuvi vaqtida yozib olingandi.

Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, bosh vazirning iste'fosiga oid masalani Oliy rada ko‘rib chiqadi. Zelenskiy Goncharukni ishdan bo‘shatishi uchun uning arizasini parlament spikeriga jo‘natishi kerak. Radada ko‘pchilikni tashkil etuvchi «Xalq xizmatkori» partiyasi agar Zelenskiy qo‘llab-quvvatlasa, Goncharukning iste'fosini ma'qullashlarini ma'lum qilgandi.

Liviya mojarosi

Liviya milliy kelishuv hukumati askarlari Haftar armiyasi zarbasidan bekinmoqda
Amru Salahuddien / Xinhua / Scanpix / LETA

16 yanvar kuni Turkiya o‘z harbiylarini Foiz Saroj boshchiligidagi Liviya milliy kelishuv hukumatiga yordam uchun jo‘natishni boshladi.

«Biz Liviyaning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun bu davlatga qo‘shinlarimizni jo‘natmoqdamiz. Turkiyaning xavfsizligi uning tashqarisidan boshlanishini anglagan holda biz barcha siyosiy, tijoriy, gumanitar, diplomatik va harbiy imkoniyatlarimizni janubdagi barqarorlikni ta'minlashga safarbar qilishda davom etamiz», — degan Erdo‘g‘an.

  • 2019 yil noyabrda Erdo‘g‘an va Liviya milliy kelishuv hukumati rahbari Foiz Saroj harbiy sohadagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan, Turkiya parlamenti 2020 yilning 2 yanvar kuni memorandumni ma'qullagandi.
  • Dekabr oyida Erdo‘g‘an Liviya hududida rossiyalik oligarx Yevgeniy Prigojinga aloqadorligi aytiladigan «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi jangchilari nima qilayotgani to‘g‘risida savol qo‘ygan, 11 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rajab Erdo‘g‘anning kelishuvidan so‘ng «Vagner» jangchilari front chizig‘ini tark eta boshlashgandi. 
  • Erdo‘g‘an harbiylar yuborilishi haqida Liviyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun Rossiya, Jazoir, Buyuk Britaniya, Misr, BAA, Xitoy, AQSh, Turkiya va Fransiya vakillari ishtirokida Berlinda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv arafasida e'lon qildi. 
  • Liviyada 2015 yildan buyon qo‘shhokimlik hukm surmoqda. Mamlakat sharqini general Xalifa Haftar armiyasi nazorat qiladi, bu hukumat Beng‘ozini o‘ziga poytaxt qilgan, Foiz Saroj boshchiligidagi Liviya milliy kelishuv hukumati esa — g‘arbda, jumladan poytaxt Tripolida hukmronlik qiladi. 2019 yil bahoridan buyon Xaftar armiyasi Tripolini egallash uchun harbiy harakatlar olib bormoqda. Saroj hukumatini Turkiyadan tashqari Italiya hamda G‘arbning boshqa mamlakatlari, xususan, AQSh qo‘llaydi, Haftar kuchlari esa Rossiyadan tashqari Misr va Saudiya Arabistoni tomonidan, shuningdek, norasmiy ittifoqchilari Fransiya va BAA tomonidan qo‘llanadi.
  • 13 yanvar kuni Moskvada Saroj va Haftar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi, uning yakunlariga ko‘ra tinchlik sulhi tuzilishi kutilgandi. Ammo Haftar bitim imzolamasdan Rossiyani tark etdi. RF Mudofaa vazirligi 14 yanvarya kuni Haftar bitimni o‘z tarafdorlari bilan muhokama qilish uchun ikki kun muhlat so‘raganini ma'lum qildi. 14 yanvar kuni kechqurun Tripolida qurolli to‘qnashuvlar tiklandi. So‘ralgan muhlat o‘tib ketgan bo‘lsada kelishuv tuzilmadi.

Bugun, 19 yanvar kuni Berlin shahrida Liviyadagi inqirozni barqarorlashtirish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Abdulla Aripov nomzodi O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga ko‘rsatildi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar yakunlari va istiqboldagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan Siyosiy Kengash yig‘ilishini o‘tkazdi.

2019 yilgi parlament saylovi yakunlariga ko‘ra, O‘zLiDeP Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p — 53 ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan va Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq bosh vazir nomzodini ilgari surish huquqiga ega bo‘lgandi. Muhokamalar natijasida majlis ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Majlisda chiqish qilgan Abdulla Aripov O‘zbekistonda yangi aviakompaniya yaratilishi, 2021—2022 yillarda kutilayotgan inflatsiya darajasi, O‘zbekiston kelgusida gaz eksportini to‘xtatishi, keyingi ikki yilda salkam 6 mlrd dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi, besh yilda mamlakatda 21 ming kilometrdan ortiq yo‘l ta'mirlanishiva boshqa masalalar haqida gapirdi.

Ko‘proq yangiliklar: