«O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi korxonalar tadbirkorning pulini nega bermayapti?

Jamiyat 09:19 / 19.01.2020 29397

Murojaatda yozilishicha, Xalilov rahbarligidagi korxona 2018-2019 yillarda Qashqadaryo viloyatidagi bir nechta paxta tozalash zavodlariga o‘zaro shartnoma asosida ehtiyot qismlar yetkazib bergan.

Ammo, hanuz paxta tozalash zavodlari shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘larning bir qismini «Muborakneftgazmexanikta'mir» korxonasiga to‘lab bermayapti.

Xalilovning o‘zaro shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘larni to‘lab berishni so‘rab qilgan og‘zaki murojatlariga uning korxonasidan qarzdor paxta tozalash korxonalari rahbarlari «Biz ishlab chiqargan tola uchun mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning hisobimizga emas, balki «O‘zpaxtasanoat» AJ hisob raqamiga tushadi. Agar «O‘zpaxtasanoat» AJ bizga mablag‘ tushirib bersa, keyin korxonangizga qarzlarni to‘laymiz. Hozir hisobimizda yetarli mablag‘ yo‘q. Mablag‘ tushgach qarzlarni to‘lab beramiz», qabilida javob berishgan.

Tadbirkorning aytishicha, ular bir necha oydan beri shu javobni berishyapti va qarzni to‘lamaslik uchun bahona qilishmoqda.

N.Xalilov ushbu masala yuzasidan 2019 yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasining Qashqadaryo viloyatidagi mudiri M.Eshnazarov nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Keyin esa, 3 dekabr kuni Koson tumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri G.Ziyayev o‘tkazgan sayyor qabulda qatnashib, undan korxonasiga tegishli pullarni undirib berishda yordam so‘raydi.

O‘shanda G.Ziyayev «O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruv raisi A.Maksudovga «Muborakneftgazmexanikta'mir» xususiy korxonasi rahbarining paxta tozalash aksionerlik jamiyatlaridan pulini undirib berish haqidagi murojatini bir hafta mobaynida ko‘rib chiqib, natija bo‘yicha tadbirkor va Vazirlar Mahkamasini xabardor qilishi haqida topshiriq beradi.

«O‘zpaxtasanoat» AJning javob xatida haqiqatan tizimidagi bir qator korxonalarning «Muborakneftgazmexanikta'mir» xususiy korxonasidan 151 million 424 ming 600 so‘m miqdorida qarzdorligi mavjudligi qayd etilgan va «Muborakneftgazmexanikta'mir» XKdan korxona ehtiyojlari uchun tovar moddiy boyliklarini xarid etishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to‘g‘risidagi Qonuni hamda Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ-3953-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat xaridlari to‘g‘risidagi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori talablariga rioya etilishi ta'minlanmasdan, ya'ni tanlov yoki tender savdolari o‘tkazilmasdan turib, ta'minotchi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgani aytilgan.

Xo‘p, «O‘zpaxtasanoat» AJ tizimidagi paxta tozalash korxonalari qoidani buzgan ekan, lekin tadbirkorning aybi nimada? Xuddi shunday qoidalar bilan «Paxtasanoat» AJ tizimidagi korxonalar bemalol tadbirkorlarning pulini bermay yuraverishi kerakmi?

«O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosarining javob xatida keltirilgan «Tanlov va tender savdolari o‘tkazilmasdan shartnoma tuzilgani» haqidagi gapga tadbirkordan izoh so‘radik.

«Men o‘z mahsulotimni paxta tozalash korxonalariga tiqishtirib berganim yo‘q. Ularning o‘zi mendan ehtiyot qismlar berishimni so‘rab shartnoma qog‘ozlari ko‘tarib kelgan, o‘rtada imzolangan. Shunday ekan, bugun men pulimni so‘raganimda «O‘zpaxtasanoat» AJ rahbariyati o‘z tizimidagi paxta tozalash korxonalaridan qarzdorlikni undirib berish o‘rniga meni o‘zimni «tanlov va tendersiz mahsulot yetkazib bergan», deb ayblashi g‘alati», deydi u.

2019 yil 19 dekabr kuni tadbirkorning murojaatlaridan biriga «O‘zpaxtasanoat» AJ «Qashqadaryo mintaqaviy paxta terminali» MChJ S.Karolov tomonidan javob xati berilgan.

Unda 2019 yil 17 dekabr holatiga ko‘ra Jyeynov, Muborak, Nishon va Qamashi paxta tozalash zavodlarining «Muborakneftgazmexanikta'mir» xususiy korxonasidan jami 151 424 600 so‘m qarzdorligi ma'lum qilingan. To‘lanmay qolinishi sababi sifatida paxta tozalash korxonalarining hisob raqamlarida pul mablag‘lari tanqisligi, xaridorlarga ortilgan paxta mahsulotlari uchun mablag‘lar tushumida tanqisligi kabi vajlar ko‘rsatilgan. Tadbirkorning 151 424 600 so‘m puli 2020 yil 1 yanvargacha to‘lab berilishi ma'lum qilingan.

Ammo mazkur sanada ham, undan keyin ham tadbirkor baribir pulini ololmagan.

Kun.uz ushbu muammo yuzasidan «O‘zpaxtasanoat» AJ «Qashqadaryo mintaqaviy paxta terminali» MChJ direktori S.Karolovdan izoh so‘radi.

Mutasaddi bugungi kunda paxta tozalash korxonalari ham boshqalardan o‘z pullarini undira olmayotgani aytib, bugun-erta pullarni undirish boshlangach, «Muborakneftgazmexanikta'mir» xususiy korxonasi oldidagi qarzlar to‘lab berilishini ma'lum qildi.

«O‘zpaxtasanoat» AJning tahririyatga bergan javobida qarzdor paxta tozalash korxonalari aksionerlik jamiyatlari tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanishi, ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyatiga ma'muriy aralashuv xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kirmasligi» ma'lum qilgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘ilyapti: «O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari F.Tursunov o‘z javob xatida paxta tozalash korxonalari aksionerlik jamiyatlari hisoblanib, ularning faoliyatiga ma'muriy aralashib bo‘lmasligini bildirgan. Boshqa javob xatlarda esa, «O‘zpaxtasanoat» muammo shartnoma tender va tanlovsiz tuzilgani bilan bog‘liqligini aytmoqda.

O‘zi haqiqiy muammo nimada?

Fakt shuki, N.Xalilov qonuniy ishlayotgan tadbirkor, u shartnoma bo‘yicha mahsulot yetkazib bergan. Mahsulotning narxi va na sifati masalasida e'tiroz bo‘lmagan. Ammo, u bugun pulining bir qismini ololmayapti. Bor gap shu!

Aynan yuqoridagi korxonalar mahsulotni olishga olib, endi pulni bermayotgani uchun hozir tadbirkorning korxonasi to‘liq quvvat bilan ishlay olmayapti, tadbirkor esa zarar ko‘ryapti.

G‘ayrat YO‘LDOSh,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: