«Bizni xo‘rlab, o‘zga yurtda tashlab ketdi». Rossiyada farzandlari bilan yolg‘iz qoldirilgan ayollar hikoyasi

Jamiyat 16:30 / 17.01.2020 77499

Rossiyaga safarimiz davomida o‘zga yurtga borib, hayotda o‘z o‘rnini topgan vatandoshlar bilan uchrashishdan tashqari, Rossiyada ijtimoiy muammolarga duch kelgan, yordamga muhtoj bo‘lib qolgan, eri tashlab ketgan yoki o‘zlari farzandlari bilan yolg‘iz qolgan ayollar bilan ham uchrashdik.

Aslida oilaviy, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi mojarolar va kelishmovchiliklarga aralashmaslik Kun.uz tahririyatining asosiy qoidalaridan biri edi. Biroq, Rossiyada ko‘p yillar bir yostiqqa bosh qo‘ygan rafiqasini go‘daklari bilan birga tashlab ketganlar borligini eshitib, shundaylarni uchratib, bunday illatni jamoatchilikka ko‘rsatishga qaror qildik.

Ilk qahramonimiz G.M asli farg‘onalik bo‘lib, bir necha yildirki, Rossiyaning Samara oblasti, Sizran shahrida istiqomat qilib kelmoqda. Uning qaramog‘ida 6 nafar farzand bor. Bugungi kunda uning boshiga jiddiy tashvish tushgan: vatanga qaytishning chorasini qila olmayapti. O‘zbekistonga qaytish uchun hujjatlarni to‘g‘rilashga ham mablag‘ orttira olmayapti.

Gap shundaki, shu yilning noyabr oyi boshida turmush o‘rtog‘i H.M. Farg‘ona viloyatiga qaytgach, oilasidan ajrashish fikriga tushib qolgan. Ikki o‘rtada 5 qiz va 1 o‘g‘il bor. Ular bugungi kunda onasi bilan Sizranda istiqomat qilib kelmoqda. Ayol ko‘p yillar qiynalib, hayotning og‘ir-yengil kunlarini birgalikda o‘tkazib, shu yoshga yetganida bu ko‘rgilikka duch kelib turibdi.

Kun.uz muxbiri ayni muammo sabablarini o‘rganish, G.M.ning oilaviy sharoitini ko‘zdan kechirish uchun Samaraning Sizran shahriga borib, ona va bolalari bilan uchrashdi.

«Erim 8 noyabr kuni yengil mashina orqali O‘zbekistonga ketdi. Telefonlashib turdik. Biroz vaqt o‘tgach, qaynonam 5 qizni chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi, ajrashasan, deb o‘g‘lini ko‘ndiribdi. Endi ajrashaman deb turibdi. Men bir necha marta prezident virtual qabulxonasiga ham yozdim.

Erim meni xiyonatda ushlab olganini aytib yuribdi. Qani kim bilan ushlab olibdi? Isbotlab bersin, mayli ajrashsin. O‘zbekistonga ketay desam, moddiy imkonim yo‘q. Olti bola va o‘zimga chipta puli kerak. Hujjatlariyam joyida emas», deydi suhbatdosh.

G.M. bugungi kunda shaharning ko‘p qavatli uylariga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi firmalardan birida ishlaydi. Vazifasi o‘ziga biriktirilgan ko‘p qavatli uylarning hovlisi, tevarak-atrofini orasta saqlash. Oylik maoshi 20 ming rublni tashkil etadi. Patent va ijara to‘lovlaridan so‘ng, 6 farzandi bilan hisoblaganda 7 jon uchun 10 ming rubl (155 AQSh dollari)dan ko‘proq mablag‘ qoladi, xolos.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda G.M.ning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘landi. U farzandlari «otam deb kelsa, ularning ko‘kragidan itarmasligini, biroq turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamasligi»ni bildirdi. U xotini aynan kim bilan xiyonat qilgani, onasi uni qaytadan uylantirmoqchi bo‘layotganining sababi haqidagi savollarga javob bera olmasligini aytdi.

Xuddi shunga o‘xshash achinarli holat boshqa bir o‘zbekistonlik ayol bilan ham ro‘y bergan. Asli Qashqadaryoning Shahrisabz shahridan bo‘lgan ayol Surxondaryoning Denov tumaniga kelin bo‘lgan va 12 yil mobaynida birga turmush kechirgan, uzoq vaqt farzandli bo‘lmagan. 2014 yili Rossiyaga kelgach, katta qizi Moskvada, ikkinchisi Sankt-Peterburgda dunyoga kelgan.

«Moskvaga kelgach, xarakteri o‘zgarib qoldi. Katta qizim tug‘ilgach, yangi yil kuni edi, bir ayol qo‘ng‘iroq qilib qoldi, dugonasiman deb. Keyinroq yana boshqa biri qo‘ng‘iroq qildi. Ikki-uch marta bo‘ldi bunaqa holat.

So‘ng Peterburgga ketdik. U yerda erim shaharda ishlayotganini vaj qilib 10-20 kun, qo‘limga pul bermasdan tashlab ketadigan bo‘ldi. Bolalarim kasal bo‘lib, unisidan-bunisidan pul izlagan vaqtlarim ham bo‘lgan.

Oxirgi marta kelganida urush-janjal qilib, senlar bilan yashamayman, deb narsalarni olib chiqib ketdi. Ishlay desam yosh go‘dagim bor. Majbur bo‘ldim Rossiyadagi o‘zbeklar guruhlarida xayriya qildirishga. 14 ming rubl pul tushdi, shu bilan yashab keldim, hujjat to‘g‘riladim», deydi o‘zini M. deb tanishtirgan ayol.

Uning ta'kidlashicha, Rossiyaga kelib, buzilib ketayotgan o‘zbek oilalari ko‘p. U og‘ir sharoitda farzandlari bilan qoldirib ketgan turmush o‘rtog‘ini kechira olmasligini aytdi.

«Eshitardim, ammo o‘zimning boshimga ham tushadi, deb o‘ylamagandim. Meni shunday holatda tashlab ketdi, qiynalib qolganimda ham 100 so‘m pul bermagan u. Uni kechirolmayman, chunki hayvon ham o‘z bolasini tashlab ketmaydi. Bizni xo‘rlab, urib, har xil gaplar aytib, o‘zga yurtda tashlab ketdi. O‘zbekistonda bo‘lsa ham mayli edi. Kechirmayman unday odamni», deya ko‘zlariga yosh oladi ayol.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar bilan suhbatda bo‘lganimizda ham Rossiyada O‘zbekistondan oilasi bilan kelib, ajralib ketayotganlar ko‘pligini aytishdi.

P.S.: Ayni vaqtda G.M. 6 farzandi bilan Sizranda qolmoqda. Shahrisabzlik M.ga berilgan pasport o‘rnini bosuvchi hujjat muddati 21 dekabrda tugashi munosabati bilan yaxshi insonlarning ko‘magida xarid qilingan aviachipta orqali vataniga qaytdi. Bugungi kunda, u 2 nafar qizi bilan Shahrisabzda.

Umid qilamizki, mutasaddilar G.M. oilasining ham O‘zbekistonga qaytishiga, shuningdek M. ham doimiy ish bilan ta'minlanishiga yordam ko‘rsatishadi.

Ko‘proq yangiliklar: