«Bilimingizga qarashadi, hamyoningizga emas» – Moskvada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan suhbat

Jamiyat 10:47 / 17.01.2020 26676

O‘zbekiston yoshlari orasida xorijda o‘qish istagida bo‘lganlar tobora ko‘payib bormoqda. Shuni inobatga olib, Kun.uz xorij safarlari davomida vatandosh talabalar hayotini ham yoritib borishni maqsad qilgan.

O‘tgan hafta London universitetlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik studentlar bilan suhbat e'lon qilingan edi. Bir muddat avval esa Moskva Oliy iqtisodiyot maktabida ta'lim olayotgan vatandoshlarning talabalar turar joyidagi hayotidan hikoya qiluvchi video taqdim qilindi. Bugun ana shu talabalar ishtirokidagi davra suhbatini tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbat davomida talabalar nima uchun Moskvada o‘qishni tanlashgani, xorijda o‘qishning o‘ziga xos tomonlari va kelajakdagi rejalari haqida gapirib berishdi.

Nima uchun Moskvada o‘qishga qaror qilishgani haqidagi savolga ular mamlakatning rivojlanganlik darajasi, ta'lim sifati va korrupsiyaning yo‘qligi kabi omillarni sanab o‘tishdi.

«Yo o‘qiysiz, yo haydalasiz»

«O‘qiyotgan joyimga korrupsiyaga duch kelmaganman. O‘zbekchilik, tanish-bilishchilik yo‘q, muomalangiz ham rol o‘ynamaydi. Bu yerda yoki o‘qiysiz, yoki haydalasiz. Menimcha, bu yaxshi, chunki adolat bo‘lishi kerak», – deydi Xusravxon Islomxo‘jayev.

«Bu yerda o‘qituvchilar sizning bilimingizga qarashadi, hamyoningizga emas», – deya uning fikrlariga qo‘shilishini bildirdi Tamila Igamqulova.

Tamila va Farangiz Abdurahmonova avvaliga O‘zbekistondagi universitetlarda o‘qish niyatida bo‘lgani, xalqaro olimpiadada g‘olib chiqish orqali Moskva Oliy iqtisodiyot maktabi talabasiga aylanganliklari haqida gapirib berishdi.

«Rossiyada o‘zbeklarga nisbatan diskriminatsiya seziladi»

Farangiz o‘z tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistondan kelgan talabalar Rossiyada o‘qishdan tashqari ishlash uchun ish topishlari qiyinligini aytadi.

«Birinchi kursga kelganimda o‘zbeklarni Moskvada va umuman Rossiya Federatsiyasida diskriminatsiya qilishlariga duch kelganman. Ular bizni shunchaki ishga olishmaydi. Juda yaxshi va malakali xodimsan, deb aytishadi-yu, lekin baribir ishga olishmaydi. Bu yerda o‘qishning eng katta minusi shu», – deydi Farangiz Abdurahmonova.

Psixologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan Tamila o‘zbek va rus jamiyatidagi ahloq me'yorlarida katta farq borligini ta'kidladi.

«Kelganimdan keyingi birinchi oy og‘ir o‘tgandi. Bu yerdagi mentalitet men uchun kutilmagan bo‘lgandi. Qolaversa, masofa juda katta, yo‘lga ko‘p vaqt ketib qoladi. Axloq me'yorlari jihatdan ham butkul boshqacha jamiyat... Baribir bunga moslashishga to‘g‘ri keladi», – deydi u.

«Endi kelgan talabada shunday vaqtlar ham bo‘ladiki, hammasini tashlab, ortga, o‘z madaniyatiga yaqin joyga qaytib ketishni xohlaydi. Asosiysi sabr qilish. 1-2 oy o‘tib talaba tushunadi – bunday imkoniyatni tashlab ketish ahmoqlik bo‘ladi. Muhimi – o‘qish va shu katta shaharda o‘z o‘rningni topa olish», – deya ta'kidladi Indira Mirzayeva.

Suhbat davomida talabalar kelgusi rejalari, O‘zbekistonga qaytishlari ehtimoli, majburiy forma va davomat kabilar haqida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Ko‘proq yangiliklar: