«Mablag‘ yetmadi!» - Kosonda «Obod qishloq» dasturidan keyin ham obod bo‘lmagan qishloq haqida

Jamiyat 12:38 / 16.01.2020 21861

O‘zbekistonda qishloq hududlarini bosqichma-bosqich obodonlashtirish va rivojlantirish uchun 2018 yil 29 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiing «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi PF-5386-sonli Farmoni e'lon qilingan edi. 2018 yil 27 iyunda esa shahar hududlarida «Obod mahalla» dasturi to‘g‘risidagi PF-5467-sonl Farmon e'lon qilingan.

«Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi farmonda 2018 yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tuman va shaharlarida, avvalambor olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2tadan va 2019-2022 yillarda 3tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturi amalga oshirish belgilangandi.

Dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining har yillik davlat budjeti, shu jumladan mahalliy budjetlar parametrlarini tasdiqlashda «Obod qishloq» dasturini amalga oshirish uchun zarur miqdorda mablag‘lar ajratilishi belgilandi.

Farmon e'lon qilingandan so‘ng joylarda dasturga binoan obod qilinishi lozim bo‘lgan qishloq va mahallalar ro‘yxati tuzildi va ishlar boshlab yuborildi.

Ammo, bugun ma'lum bo‘lyaptiki, o‘shanda joylardagi aksariyat mahallalarda belgilangan ishlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa-da, ayrim joylarda ishlar mablag‘ yetishmovchiligi tufayli chala holda qolib ketgan.

Ana shunday mahallalardan biri, Qarshi shahridagi «Otchopar» mahallasida o‘tgan yil «Obod mahalla» dasturi davomida bajarilmagan ishlar - mahalla ko‘chalariga asfalt va shag‘al yotqizish, maktab qurilishi qolib ketgani haqida saytda material e'lon qilingan edi.

Yaqinda shu mavzuda Kun.uz’ga Qashqadaryo viloyati Koson tumani «Pudina» MFY fuqarolaridan ham murojat bo‘ldi. Murojatda yozilishicha ushbu mahalla 2018 yilda «Obod qishloq» dasturiga tushgan. Dastur doirasida bajarilishi belgilangan ishlarning bir qismi bajarilgan, qolgan qismi bajarilmay qolib ketgan.

Masalan, mahalla hududidagi 3,2 kilometr ichki yo‘l asfalt qilingan, ammo shag‘al to‘kilishi lozim bo‘lgan to‘rtta ko‘cha o‘z holicha qoldirib ketilgan. Fuqarolar yog‘ingarchilik kunlarida o‘sha ko‘chalar yurib bo‘lmaydigan darajada loy bo‘layotganidan yozg‘irishgan.

 

Mahallada yashovchilarning 2019 yil 2 dekabrda Koson tuman hokimiga mavjud muammo yuzasidan qilgan murojatiga javoban tuman hokimi o‘rinbosari Sobir Eshev tomonidan berilgan N1773/03-sonli javob xatida mahalla hududida 29 km havo elektr uzatish tarmoqlarini tortish ishlari bajarilgani bildirilgan.

O‘rganishlar davomida mahalla fuqarolari havo elektr tarmoqlarini tortish ishlari ham to‘liq bajarilmay qolganini aytishdi. Mahalla hududidagi simyog‘och o‘rnatilmagan ko‘chada xonadonlarga tortilgan elektr simlarini aholi yog‘och kaltaklarga ilib qo‘yganiga guvoh bo‘ldik. Bu holat har qancha xavfli bo‘lmasin, mas'ul idoralar nazaridan chetda olmoqda.

Hammasidan ham qizig‘i, bugun bu mahallada fuqarolar yig‘ini o‘z idorasiga ega emasligi bois shu hududdagi sobiq Koson xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosidan vaqtinchalik qo‘nim topishgan.

«Pudina» mahallasida bajarilmay qolib ketgan ishlar haqida Koson tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sobir Eshevdan izoh so‘raganimizda, u bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar mablag‘ yetishmovchiligi tufayli qolib ketgani, yaqin muddatlarda o‘sha ishlarni bajarib berishlarini bildirdi.

Ammo qishloq ahli o‘tgan bir yil davomida yuqorida aytilgan muammolar yuzasidan bir necha marta hokimlikka murojat qilishgani, hokimlik esa turli bahonalar bilan ishni ortga surib kelayotganini ma'lum qilishdi.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi obod bo‘lmay qolgan bu qishloqning ahvoli va shu yerlik odamlarning muammolari bilan tanishar ekanmiz, vaziyatga nisbatan hokim o‘rinbosarining «mablag‘ yo‘qligi sababli qurilish ishlari to‘xtab qoldi», degan izohi ko‘proq tashvishga soldi.

Axir prezident farmonida dasturni amalga oshirish uchun mablag‘lar va ularning manbalari yetarli qilib belgilab qo‘yilgan emasmidi? Davlat dasturini bajarish joylarda nega qo‘l uchida bajarilmoqda? Kim bunga yo‘l qo‘ymoqda? Bu aholi tomonidan davlat rahbari farmon va qarorlari, hukumat qarorlariga ishonchsizlik uyg‘otmaydimi? Kimlarningdir aybi bilan xalqni rozi qilish tamoyiliga putur yetmayaptimi?

O‘ylaymizki, Qashqadaryodagi mutasaddilar mazkur holatni o‘rganib, o‘z munosabatlarini bildirishadi.

G‘ayrat YO‘LDOSh,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: