O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2020 yilgi Budjetnomada 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari sanab o‘tilgan.
Unga ko‘ra, 2020 yilda inflatsiya darajasini 12,5-13 foizgacha pasaytirish mo‘ljallanmoqda.
2022 yilgacha bosqichma-bosqich inflatsiya darajasini bitta raqamli darajagacha pasaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, monetar va fiskal siyosatni qat'iylashtirishni taqozo etadi.
Xususan, foiz stavkalarini liberallashtirish, kreditlar hajmi talabdan kelib chiqqan holda keskin o‘sishining oldini olish, umumiy fiskal taqchilligini 2022 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,5 foizgacha pasaytirish lozim bo‘ladi.
2020-2022 yillarda iqtisodiy o‘sishning prognoz ko‘rsatkichlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda, pul-kredit siyosati va bank sohasini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib quyidagilar belgilandi:
- inflatsiyani targetlash, milliy valuta va to‘lov tizimi barqarorligini ta'minlashga yo‘naltirilgan pul-kredit boshqaruvini tartibga solish vositalarining samaradorligini ta'minlash;
- xususiy banklarni yanada rivojlantirish, shuningdek banklarning samarali investitsion loyihalarini bozor tamoyillari asosida moliyalashtirishga yo‘naltirish orqali bank sektorida raqobat muhitini yaratish.
Sanoat sohasida 2020-2022 yillarda iqtisodiy o‘sishning prognoz sur'atlariga erishishda asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- Barcha erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini kerakli muhandislik-aloqa tizimlari bilan ta'minlashni 2022 yilgacha yakunlash;
- Erkin iqtisodiy hududlarda 406ta investitsion loyihalarni ishga tushirish;
- 2020-2021 yillarda kichik sanoat hududlarida mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, qurilish sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda zamonaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 806ta investitsion loyihalarni amalga oshirish.
Energetika sohasida quyidagi yo‘nalishlarda ishlar olib boriladi:
- energetika bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish, energetikada xususiy sektor va raqobatni rivojlantirish, iste'mol qilingan elektroenergiyani hisoblashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish va tarif tizimini optimallashtirish;
- energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashning ilg‘or texnologiyalarini, yuqori tejamkor uskunalarni joriy etish orqali IESlardagi yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish (Sirdaryo IES ishlab chiqarish quvvatini 150 MVtga oshirish, Taxiatosh IESda har birining quvvati 230-280 MVt bo‘lgan 2ta BGUni qurish mo‘ljallangan);
- modernizatsiyalash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, energetika tizimiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish (2022 yil boshigacha quvvati 20 MVt.dan ortiq bo‘lgan 2ta GES, 12ta kichik va 10ta mini GESlarni ishga tushirish hamda 9ta faoliyat olib borayotgan mavjud GESlarni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan);
- Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida joylashtiriladigan, har biri 100 MVt quvvatga ega bo‘lgan 10ta quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish hisobiga quyosh energiyasi imkoniyatlaridan foydalanish.
2020-2022 yillarda neft va gaz sohalarida:
- mavjud mahsulotlarni taqsimlash bitimlari va shartnomalaridagi shartlarni ko‘rib chiqqan holda, xalqaro neft-gaz kompaniyalari bilan hamkorlik qilish;
- nufuzli xalqaro neft xizmatlari kompaniyalari bilan hamkorlikda neft xizmatlari bozorini yaratish («MTG texnologiyasi bo‘yicha metanolni benzinga qayta ishlashni tashkil etish», «Sho‘rtan DKM ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish», «Sho‘rtan DKM tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» va investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga neft mahsulotlarini ishlab chiqarish);
- xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan hamkorlikni kengaytirish asosida amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini boshqarish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
2020-2022 yillarda agrar sektorni rivojlantirishning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:
- paxta va boshoqli ekinlar ekilishi kamayishi hisobiga kartoshka, sabzavot, yem-xashak va moyli ekinlar, shuningdek, yangi intensiv bog‘lar va uzumzorlar miqdorini oshirish;
- qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar navlarini joriy etish hisobidan ozuqa ekinlari maydonini kengaytirish va ularning mahsuldorligini oshirish;
- meliorativ va irrigatsiya inshootlari tarmog‘ini rivojlantirish hisobiga sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash;
- o‘simliklar va hayvonlarning yangi naslchilik navlarini va zamonaviy tejamkor qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
- meva va sabzavotlarni saqlash, tashish va sotish infratuzilmasini kengaytirish;
- suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, nasos va quvvat uskunalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va irrigatsiya inshootlarini rekonstruksiya qilish.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2020 yilda kartoshka yetishtirish 3,4 foizga, sabzavot 3,3 foizga, poliz ekinlari 3,1 foizga, mevalar 3,6 foizga, uzum 4,7 foizga, chorvachilik va parrandalar 3,5 foizga, sut 4,6 foizga, tuxum 9,6 foizga ko‘payishi kutilmoqda.
2020-2022 yillarda xizmatlar sohasining o‘sish sur'atlarini 5,7-6,2 foizga quyidagilar hisobiga oshirish prognoz qilinmoqda:
- xizmat ko‘rsatish korxonalarining savdo, madaniy va ommaviy obektlar va yirik transport magistrallari yaqinida joylashishi; inson salohiyatini rivojlantirish uchun teng imkoniyatlarni ta'minlaydigan ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
- sohaning investitsion jozibadorligini oshirish orqali aloqa va telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish;
- raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish;
- yo‘l qurilishi, pulli yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, transport va logistika markazlarini rivojlantirish sohasidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish;
- respublikaning turistik infratuzilmasini rivojlantirish;
- keng turdagi savdo xizmatlarini taqdim etish bilan zamonaviy savdo tizimlarini kengaytirish yo‘li orqali savdo sohasida raqobat muhiti rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda iqtisodiyot va ijtimoiy soha prognoz ko‘rsatkichlariga erishish uchun 180-190 trln. so‘m hajmdagi asosiy kapitalga investitsiyalar yo‘naltirilishi talab etiladi.
Shuningdek, 2020 yilda 360-380 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish prognoz qilinmoqda.