«Hayot ummonida baliqcha emas, nahangdek suzdim» – Shuhrat Abbosovning hayot chizgilari

Jamiyat 21:20 / 16.01.2020 23045

Shuhrat Solihovich bilan ­u kishi o‘zlarining 80 yillik yubileylari tashvishi bilan yurgan vaqtda uchrashgandik. Bunaqa paytdagi yugur-yugurlarni o‘zingiz bilasiz. Xullas, yarim soatga, deb kelishilgan suhbat ikki yarim soatdan ham oshib ketgandi o‘shanda...

Aytmoqchi, bir vaqtlar jurnal uchun olingan bu suhbat bosilib chiqqanda, Shuhrat akaning o‘ziga ham ma'qul bo‘lib, «Meni boplab gapirtirgansiz o‘shanda», – deya hazillashib yurardilar. Keyinroq bu mashhur kinorejissyor to‘g‘risida, kamina ssenariy muallifligida – «Darg‘a» degan hujjatli film olindi. Domla Solihovning shu suhbatda aytgan gaplari – ssenariy uchun asos bo‘lgandi.

Teatrdan kino sari «yurish»

- Shuhrat Solihovich, ko‘z tegmasin-u, 80 yoshdayam tetiksiz. Kayfiyatni so‘rasam, “yaxshi” desangiz kerak, undan ko‘ra nimalarni his qilyapsiz, deb so‘ray qolay.

- O‘zim otdayman. Ahvol so‘raganlarga hatto hazillashib, “mixdek” deyish o‘rniga “armaturadek” deb javob beraman. Hazil-hazil bilan-ku, ammo o‘g‘lim, men hamisha juda katta, hatto buyuk maqsadlar bilan yashaganman. Hayotdagi uncha-muncha ikir-chikirlar menga ta'sir qilmaydi. Oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘lmasa, o‘sha maqsad yo‘lida hech narsadan og‘ishmay intilmasa, odamzot to‘kilib, ado bo‘ladi. Hayot - muttasil kurashdan iborat ekan, men mana shu hayot ummonida kichkina baliqcha bo‘lib emas, misli nahangdek suzdim...

- Ammo Siz aytgan nahang ko‘pincha o‘rni kelib qolsa, mayda baliqchalarni yutib yuboradi-ku... Nima, siz ham yutib yuborganmisiz?

- Yo‘q, men ularni yutmaganman. Mening ozig‘im - kitob, bilim bo‘lgan. Ammo obrazli qilib aytganingizga men ham javob qaytaray – nahang bo‘lsam ham yonimda mudom “ilonlarning vishshillashini” his qilib turganman. Bular endi – hasad, ig‘vo quruq tuhmatlar...

Lekin o‘ylab, xulosa qilganim shu bo‘ldiki, inson zoti kechirimli bo‘lishi kerak ekan. Ochig‘i, juda omadli insonman, mashhurlikniyam, shon-shuhratniyam, rahbarlik lavozimlariniyam ko‘rdim. Bir paytlar “O‘zbekfilm” direktori edim. O‘shanda kimnidir bilib-bilmay xafa qilgan, o‘nta ssenariyni o‘tkazib, bittasini o‘tkazmagan bo‘lishim mumkin. Ammo o‘zimcha vijdonim toza. Demoqchimanki, odam eng avvalo o‘zining oldida obro‘si to‘kilmasligi kerak. Aks holda rasvo bo‘ladi.

Mag‘lubiyatlar – avvalo saboq, ammo odam muvaffaqiyatga ham chidamli bo‘lishi kerak. Bu gaplarni siz keksa odamning hayot falsafasi, deb qabul qilsangiz ham mayli. Mana, hozir ham talabalarga 3 soat ma'ruza o‘qish uchun 4-5 kun tayyorlanaman.

- Qaysi fandan saboq beryapsiz?

- Rejissuradan.

- Kinorejissyorlikdanmi?

- Yo‘g‘-yey, teatr rejissurasidan...

- Sizning teatrga aloqangiz borligini bilmagan ekanman...

- Men aynan teatr rejissyorligi bo‘limini tamomlaganman. O‘qishni bitirib, Yangiyo‘ldagi teatrda ikki yil bosh rejissyor bo‘lib ishlaganman. Innaykeyin, talabalik paytimda ham o‘zimning fanimdan dars berganman. Bunisi bir tomon bo‘lsa, ota-onam ham pedagog bo‘lishgani ikkinchi sabab bo‘lib, pedagoglik mening qonimda bor ekan, deyman. Buyuk rejissyor Aleksandr Ginzburg mening ana shu qobiliyatimni ochgan. Menga u odamning yana bir katta yaxshiligi bor.

- Qanday yaxshilik qilgan?

- Moskvada, Oliy rejissyorlik kursida o‘qib yurganimda bir kuni meni “Aragvi” degan gruzincha restoranga olib borib, ziyofat qilgan. O‘sha o‘tirishda Georgiy Tovstonogov degan buyuk rejissyor bilan ham tanishtirgan. Aynan Tovstonogov “Fillipinlik va mast” degan diplom kartinamni yoqtirib qolgani uchun menga keyin katta shuhrat olib kelgan “Mahallada duv-duv gap” filmining ssenariy  muallifi – Yuriy Rest bilan tanishtirgan (Qiziq, u odam “Brest” degan so‘z chiqishi uchun titrdagi ism-sharifini “B.Rest” deb yozdirardi).

Abdulla Qahhorga berilgan va'da

- Xuddi o‘sha filmingiz haqida so‘ramoqchi edim o‘zi. Uning ssenariysini Abdulla Qahhor yozmaganlarmi?

- U kishi dialoglarini o‘zbekchalashtirib berganlar. Ssenariysini Yuriy Rest bilan Abdulla Ramazonov yozgandi.

Boya aytganimdek, men Rest bilan tanishgach, uni poyezdda Toshkentga olib keldim. U odam urush paytida Toshkentga evakuatsiya qilingan, o‘zbeklarga hurmati juda baland inson ekan. “Mahallada duv-duv gap” ssenariysini ham xalqimiz oldidagi qarzini uzish uchun yozdi. Ishonasizmi, ssenariy 12 kunda yozib tashlandi. Ammo u rus tilida edi, kinostudiyaning o‘sha paytdagi rahbari Mumtoz Muhamedov ssenariyni qo‘limga berib, Abdulla Qahhorga olib borishimni tayinladi.

Yozuvchi statsionarda davolanayotgan ekan. Borib, unga vaziyatni tushuntirdim. “Ssenariyga sizdek odamning qalami uchi tegsayam, u sayrab ketadi”, deya yaxshi gaplar gapirdim. Avval Abdulla aka davolanayotganini aytib, ishni orqaga tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo men tixirlik qilib, ikki oyog‘imni bir etikka tiqib olgach, “Tomoqdan g‘ippa bo‘g‘adiganlar xilidan ekansiz, boring, uka, birpas anavi chiroyli hamshira qizlarga qarab turing”, deya papkani tizzasiga qo‘yib, o‘sha paytning o‘zida yoza ketdilar.

Ishonasizmi, ikki soat ichida ssenariy rostdan ham “o‘zbekcha sayrab” ketdi. Undagi Oyposhshaning Mehrixon ayaga qarab, “Uyda sichqon hassa tayanib yuradi” yoki “Uyida chaksa un yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir” degan gaplaridan o‘zimni tutolmay, o‘sha joyning o‘zida xoxolab kulib yuborganman.

- Rostdan ham ikki soat ichida rus tilidagi ssenariyning o‘zbek tilida “sayragani” havas qilarli darajada qiziq. Abdulla Qahhordek odamni ko‘ndirganingiz undanam qiziq...

- To‘g‘risi, o‘shanda Qahhor menga bir shart qo‘ygandi. U kishi kinostudiyadan berilgan, men olib borgan ming rubl pulni olmasdan, birorta hikoyasini kino qilishim haqida mening va'damni olgandi. Pulni-ku, sekingina xalatlari kissasiga solib qo‘ydim, ammo...

- Bergan va'dangizni bajarmadingizmi?..

- Gap shundaki, “Mahallada duv-duv gap”dan keyin buyurtmalar, takliflar juda ko‘payib ketdi. Hatto bir kuni yozuvchi Oybeknikida o‘tirganimizda G‘afur G‘ulom ham “Shum bola”ni asrab turibman, uni san bolaga beraman” degandilar. Ammo bu orada “Sen yetim emassan” filmi ustidagi ishlar boshlanib ketdi. Bu film ssenariysidagi hayotiy voqealar, qahramonlarning yetim bolalar ekanligi, yetimlik azobidan hikoya qiluvchi manzaralar mening ruhiyatimga mos tushgandi.

«Kirmagan ko‘cham qolmagan»

- Nima, undagi voqealar hayotingizda ham bo‘lganmi?

- Ha-da... Rahmatli dadam 35 yoshlarida o‘tib ketgan, o‘shanda men 11 yoshli bola edim. Bilasiz, “Sen yetim emassan” filmida 14 bolani asrab olgan o‘zbek oilasi haqida so‘z boradi. Ssenariydagi voqealar yuragimda xuddi to‘lqindek urilgan, “Bu odam 14 sag‘irni qanday eplagan ekan, axir mening onam yetim qolgan biz - uchta bolani zo‘rg‘a eplab, meni qanaqa yomon yo‘llardan qaytarib qolgandi”, deya ko‘zlarimga yosh kelgandi.

- Onangiz Sizni qanaqa yo‘llardan asrab qolgandi, bilsak bo‘ladimi?

- Qimor ham o‘ynaganman, bezorilik qilganman, xullas, yetimlik ko‘chasining har bir burchagiga kirib chiqqanman, bolam. 15 yoshimda onam meni Toshkentga – ishchilar shaharchasida turadigan xolamnikiga, odam bo‘lsin, deb jo‘natdi.

O‘sha paytda meditsina texnikumining direktori xolamga qo‘shni turardi. Xolam unga “Shu yetimning boshini silash savob” deya yalinib-yolvorib, meni texnikumga kiritib qo‘ydi. Ammo mening u yerda o‘qishga umuman xohishim yo‘q, nuqul “2” baho olib yurardim. Faqat bir narsa – texnikumdagi drama to‘garagi mening jonimga oro kirar, unga qatnashishga “suyagim yo‘q” edi.

- Nima, texnikumni tugatib, san'at institutiga kirganmisiz?

- Yo‘q, uni tashlab ketganman. Mayli, bir boshdan ayta qolay. Bir kuni Qo‘qonda turadigan amakimning xotini o‘sha paytda student bo‘lib yurgan Hamza Umarov orqali menga ikkita non, mayiz, turshaklar berib yuboribdi. Hamza aka texnikumga kelib so‘rasa, meni sahnada, deyishibdi.

Hali-hali esimda, o‘shanda men havaskor sahnada “Aybsiz aybdorlar” spektaklidagi Shmak degan cholni o‘ynardim. Tomosha tugagach, Hamza Umarov mening mahoratimni ko‘rib, oyog‘imni yerga tekkizmay, to‘ppa-to‘g‘ri San'at institutining o‘sha paytdagi rektori Mixail Verxatskiy oldiga olib keldi.

U odam juda fidoyi edi, “Raz Xamza Umarov tebya privyol syuda, to on ne mojyet oshibatsya” deya meni institutga qabul qilishgandi. Faqat aktyorlik bo‘limiga emas, rejissyorlikka olishdi. Shu-shu, san'atkor bo‘lib ketdik...

- Gap “Sen yetim emassan” filmi haqida edi...

- Ha, u filmni olib bo‘lgach, juda ko‘p qarshiliklar bo‘ldi. O‘sha paytdagi sobiq Markazkomning mafkura kotibasi Zuhra Rahimboboyeva filmni qabul qilmadi. Ammo bu filmni Xrushchevga ko‘rsatib, maqtanishmoqchi ekanlar, shekilli, qayta ko‘rik bo‘ldi.

Unda deng, xuddi favqulodda yomon ish bo‘lgandek, Respublika rahbariyatining hamma vakillari kelib ko‘rdi va keyin uni hartugul Moskvaga yuborishga qaror qilishdi. Filmni ko‘rib, sobiq Ittifoq madaniyat vaziri Yekaterina Furseva ham ko‘ziga yosh olgandi...

Prinsip o‘zgaradimi?

- Shundan keyin omad faqat siz tomonda bo‘lgan bo‘lsa kerak-a?..

- Ha, shunday. Tovstonogov “Birinchi uchta filming zo‘r bo‘lsa, undan keyingilari yomon bo‘lsayam, hech kim seni aybsitmaydi”, deya bashorat qilgandi. Yaxshidir-yomondir, o‘sha filmdan keyin ham ko‘p filmlar oldim. Hatto ba'zi filmlar ssenariysi menga yoqmasayam, uni menga majburlab tiqishtirardilar.

- Aynan qaysi ssenariy yoqmagan?

- “Muhabbat mojarosi” degan filmni olishni xohlamaganman.

- U film Said Ahmadning “Ufq” romani asosida yaratilgan-ku. Abdulla Qahhordek odamning asari ustida ishlamagan odam, shogirdining asarini olgan ekansiz-da, Shuhrat aka?

- Nima qilay, ssenariyni tutqazishib, “3 kun ichida boshlaysan, bo‘lmasa, senga ish yo‘q” deganlaridan keyin ishlaganman-da... Lekin undan keyin olingan “Abu Rayhon Beruniy” filmim juda ko‘p xalqaro mukofotlarni olgan.

- “Olovli yo‘llar”ga shundan keyin kirishgansizmi?

- 1975 yilda boshlab, 1985 yilda to‘liq tugatganman. U filmga qariyb 10 yil umrim ketgan. Bu filmning 3-4 qismini ishlab bo‘lgach, televideniyega beraverardik. Shu tariqa u roppa-rosa 17 qism bo‘lgandi.

- Adashmasam, sobiq Ittifoq davrida olingan so‘nggi filmingiz o‘sha bo‘lgandi. Undan keyingi filmingiz “Otamdan qolgan dalalar”, shekilli?..

- Yo‘q, bu orada 14 qismdan iborat “Kamolot cho‘qqisi sari” degan hujjatli film olganman. Ammo badiiy filmim – o‘sha siz aytgan film.

- Shu o‘rinda keskinroq bir savol bersam maylimi?

- Bemalol...

- Ikki davrda yaratilgan ikki filmingiz – “Olovli yo‘llar” va “Otamdan qolgan dalalar”ning mavzusi, mafkurasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Birida sho‘ro mafkurasi ulug‘lanib, xalqning istibdodga qarshi kurashgan farzandlari - bosmachi, jadid, deya tahqirlansa, ikkinchisida xuddi o‘shalar - milliy ozodlik harakati vakillari, xaloskorlar, deya ko‘kka ko‘tarilib, aksincha, oldingi filmdagi “qahramonlar” bunisida ayovsiz fosh etiladi. Kechirasiz-u, bunda prinsip masalasi qayda qoldi?

- (O‘ylanib) Endi-i, gap bunday, o‘g‘lim. Men ham o‘z vaqtida ko‘p qatori o‘sha sovetning ideologiyasiga ishonganman, asl haqiqat shunday bo‘lsa kerak, deya o‘ylaganman... Tarix o‘zgardi, undagi voqealar ham, eng muhimi – talqin o‘zgardi. Menam odamman, meniyam ongimni teskari tomonga qarab burganlar. Keyin Mustaqillik sabab meniyam ko‘zim ochildi-da. Bugun o‘sha o‘zim tasvirlagan inqilobni eslasam, ich-ichimdan ijirg‘anib ketaman. Bilasizmi, hech qanday inqilob – berilgan qurbonlarni o‘ylasak, arzimas narsa ekan...

- Unda “Otamdan qolgan dalalar” filmi o‘sha xatolarni yuvib, xalqingiz oldida kechirim so‘rashmi?

- (Qat'iy tarzda) Yo‘q!.. Filmga kelsak, menga Tog‘ay Murodning o‘sha romanini Murod Rajabov opkelib bergan. O‘shanda Murod hovliqib kelib, menga hatto romanni o‘qib ko‘rishga ham qo‘ymasdan, Tog‘ay Murodga telefon qilib, undan roziligini olishimni so‘ragan. Hayron bo‘lsam, “Telefon qilavering, keyin xursand bo‘lasiz. Chunki uni faqat siz ololasiz” deb qo‘yarda-qo‘ymay qo‘ng‘iroq qildirgan. Muallif oldin ko‘ndi, keyin romanimni bermayman, deb turib oldi, u bilan ancha tortishib, keyinchalik baribir roziligini olganmiz.

Romanni o‘qib ko‘rib, “I-ye, bu boshqa bir dunyo-ku” deb ancha o‘ylanib qolganman. To‘g‘ri, ich-ichimdan ancha ta'sirlanganman ham. Xullas, Murod Rajabov qistovi bilan u film ustidagi ishlarni boshlaganmiz.

- O‘shanda mashhur aktyorimizning bunchalik jonkuyarligi zamirida balki filmda o‘ynash xohishi yotgandir?

- Bilmadim. Uniyam “proba” qilib ko‘rganmiz. Ammo bilasizmi, rejissyor va aktyor o‘rtasida qandaydir bir “biopolis” bo‘lishi kerak-da. Bizda o‘sha narsa bo‘lmagan. Keyin esa men “Ajdodlarimiz juda chiroyli bo‘lgan, Murodda unaqa husn yo‘q” deb hisoblaganman, shekilli. Xullas, nimayamdir bo‘lib, filmda u o‘ynamay qoldi...

Suhbatdoshimizga yoqmagan mavzu

- “Men – nahangman” degan gapingiz xayolimdan hech ketmayapti. Boshqa tomondan o‘zbek kinosi rivojini bir o‘zandan boshqasiga burib yuborishda tajribangiz bor. Aytmoqchi bo‘lganim – kinoning tepasidagi rahbariyat doimo Siz bilan hisoblashishi kerak, deb hisoblaysizmi?

- Shu sohaga ozmi-ko‘pmi, mehnating singgandan keyin, atrofdagilaring seni “otaxon”ga chiqarib qo‘ygandan keyin kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘lib turolmas ekansan. Besh-olti yil avval milliy kinochiligimiz rahbariyati o‘zgargani va undagi mening ishtirokimni nazarda tutyapsiz, shekilli. Men o‘shanda Xalqaro kino konfederatsiyasi a'zosi sifatida kinomizning moddiy ahvolini yaxshilash, uning kelajagi uchun qayg‘urganimdan kurashganman. O‘sha yillari Moskvada – Nikita Mixalkovlar jirillaganda, ular bilan hazilakam talashdimmi? Xullas, bu – bir sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, bir talay shogirdlarim mening yonimga kelib, “Siz – zo‘rsiz” deya “ilhom” bergani turtki bo‘lib, shikoyat yozganmiz.

- Bugun o‘sha voqealardan afsuslanmaysizmi?

- Qadimgi Rimning bir maqoli bor: “Kajdyy posleduyushchiy xujye predydushchego» (tarjimasi: “Har qanday keyin kelgan – oldingisidan afzal emas”). Mundoq o‘ylab qaralsa, ideal odam yo‘q, kimdadir u xislat bor, bunisida – bu. Beayb esa – faqat parvardigorning o‘zi, bolam.

Boshqa tomondan esa – men bugun revolyutsiya emas, evolyutsiya tarafdori bo‘lib qoldim. Shuning uchun tinchgina yubileyimni nishonlagim kelyapti...

2011 yil, yanvar.
Suhbatdosh – Komiljon Shamsiddinov.

(Shuhrat Abbosov 2018 yil 25 aprelida, 87 yoshida vafot etdi)

Ko‘proq yangiliklar: