– Alisher Uzoqov hozirda nimalar bilan mashg‘ul?
– «Sevimli» telekanalida faoliyat yurityapman. Kuzatishlarimga ko‘ra, o‘zbek kinosi biroz jonlangandek nazarimda. Bunday xulosaga kelishimga sabab bir nechta katta loyihalar va sinov jarayonlarida ishtirok etish uchun takliflar bo‘ldi. Ularda ishtirok etdim. Shu bilan birga, doimiy izlanish va o‘qib-o‘rganish jarayonidamiz.
– Yaqinda xorijdan keldingiz deb eshitdik...
– To‘g‘ri, yaqinda qaytib keldim. Bilasizmi, uzoq yillardan beri qo‘shiq kuylamay qo‘ygandim. 4-5 ta ijod namunalarini tayyorlab qo‘ygandim, ammo ular ko‘nglimga o‘tirmagani uchun e’lon qilmagan edim. Fikrimcha, qo‘shiqda eng muhim narsa bu – so‘z. Shu safarga ketishdan oldin ko‘pgina adabiyotlarni izladim. Safarga bir hafta qolganida Sherzodbek ukamiz bilan ko‘rishib qoldim. Unga ketishimni, g‘oyam borligini, agar ishlarim o‘xshab qolsa, biror qo‘shiq suratga olish niyatida ekanimni aytdim. U ko‘nglimga ma’qul kelgan musiqani yozayotganda o‘qib turgan kitobimni yana bir varaqlagandim, izlagan misralarimni topdim. Bu – Haydar Sheroziyning g‘azali edi. Uni yaqin orada muxlislar e’tiboriga havola etamiz.
– Siz haqingizda berilgan ta’riflarda 4-5 ta kasbning nomini uchratish mumkin. Qo‘shiqchi, aktyor, futbolchi, sharhlovchi... Bu «Ustoz ko‘rmagan shogird» iborasiga to‘g‘ri keladimi yoki «Yigit kishiga qirq hunar oz» maqoligami?
– Qaysidir ma’noda ikkalasiga ham mos tushadi. Ammo ustozlarim bor. Mahmud aka Rashidov – san’atda o‘z yo‘limni topishimda katta hissa qo‘shgan inson. Valijon aka Umarov – teatrda menga ustozlik qilgan inson.
– Men ma’naviy ustozni nazarda tutgandim.
– Men ustozlarimdan kerakli tahsilni olib bo‘ldim. Bu yog‘iga o‘z-o‘zimga ustozlik qilaman desam ham bo‘ladi. Suratga tushgan filmlarim bor. Ammo ularning barchasi ham o‘zim istagandek chiqmagan. «Janob hech kim», «Hayotda», «Tundan tonggacha» kinolari o‘z talabimga javob bera oladi desam bo‘ladi.
– Nima deb o‘ylaysiz, avvallari film va ssenariy tanlamasdan, suratga tushishga rozi bo‘lganingizning sababi nima? Moddiy manfaatmi?
– Albatta, moddiy jihat ham e’tiborga olinadi. Lekin o‘sha davr uchun u kinolar ham yomon emas edi. O‘z davrida ularning tomoshabini ham ko‘p bo‘lgan. Eng asosiysi, o‘sha paytdagi kinolar bir tizimga tushgan va tomoshabin e’tiborini torta olgan edi. O‘sha muhitni ushlab qolish kerak edi nazarimda. To‘g‘ri, u filmlar kamchilikdan xoli bo‘lmagan. Ammo bunday paytlarda oqilona qaror qabul qilish kerak edi deb o‘ylayman.
– O‘zingiz rol ijro etgan filmlarni tomosha qilib turasizmi?
– Yo‘q, umuman ko‘rmayman. Hatto premeralarni ham boshidan oxirigacha kuzatmaganman. Kinodagi o‘zim o‘zimga yoqmasa kerak. Ammo o‘zimga yoqish uchun o‘ynamayman-ku. Kino faqat aktyorning ijrosiga bog‘liq emas. Bu yerda boshqa faktorlar ham bor.
– Siz sermahsul ijod qilgan davrlarda birvarakayiga bir nechta iste’dodli aktyorlar yetishib chiqdi: Ulug‘bek, Farrux, Adiz. Hozir esa hech kim yo‘q. Bunga kim aybdor?
– Hozir bunday aktyorlar yetishib chiqmayotganining sababini ta’limdagi uzilish deb bilaman. Siz sanagan aktyorlar Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at oliygohida tahsil olishgan. U yerda avval muhit boshqacha edi. Biz o‘sha oliygohning so‘nggi qaldirg‘ochlari edik. Shundan keyin institut boshqa binoga ko‘chdi. Muhit o‘zgarishiga ehtimol shu ham sabab bo‘lgandir.
– O‘zingizni qanday rollarga loyiq deb bilasiz?
– Dunyodagi eng qiyin rolni o‘ynashga ham tayyorman. Menga jarayon qiziq. Katta loyihalardan umidim bor. Odamlar ko‘ra oladigan kino yaratilsa, jon deb rozi bo‘lar edim. Hozir e’tibor bersangiz, ko‘pchilik yosh aktyorlar qaysidir ma’noda bloger bo‘lib ketyapti. To‘g‘ri, hozir zamon shuni taqozo qilyapti. Masalan Rossiyada, Qozog‘istonda bu soha juda ham rivojlangan. Ammo ular madaniyatni blogerlarning qo‘liga topshirib qo‘ymagan. Bizda esa topshirib qo‘yishdi.
Yuqoridagi sanab o‘tgan davlatlarimizda ham blogerlarni hamma kuzatadi, lekin ularning teatrlari bo‘shab qolmagan, kinosi rivojlanib boryapti, san’at ijtimoiy tarmoq bilan raqobatlasha olyapti.
Hozir san’at oliygohini tamomlayotgan yosh ijodkorlar qayoqqa borsin? Teatrgami? Kinogami? Taklifning o‘zi yo‘q-ku. Nima qiladi? Telefonini oladi-da ijtimoiy tarmoqlarni boyitadi, san’atni emas. Ammo bu yerda asosiy aybdor ular emas. Ularni bir joyda to‘plab, biror katta loyihaga qo‘l ursa, gullab-yashnaydi. Lekin unday loyihalarning o‘zi yo‘q.
– Shunday loyihalarni o‘zingiz tashkil qilsangiz-chi?
– Bu juda qiyin masala. Birinchi navbatda mablag‘ga borib taqaladi. Shunga qaramasdan kuzatib boryapmiz, niyatimiz yo‘q emas. Nasib qilganida bu ham bo‘lib qolar. Hozirda ish o‘rganish, tajriba oshirish uchun yonimda yurishni so‘rab murojaat qiladigan shogirdlarim yo‘q emas.
– Qo‘shiq ham kuylaysiz. Bu o‘z-o‘zini kashf qilishmi yoki cho‘qqiga intilish?
– Bu kurashish degan bo‘lar edim. Oxirgi kuylagan qo‘shig‘im bu «O‘tgusidur» bo‘ldi. U insonni tafakkur qilishga, o‘tgan kuni haqida mushohada qilishga chorlaydi. Dastavval eshitganda bu qo‘shiqning so‘zlarini tushunmasligi mumkin. Ammo ikki-uch bor eshita boshlasa, unda fikrlash jarayoni oshadi.
Qo‘shig‘imning tomoshabini hozirgi davr kliplari singari ko‘p emas. Menga mingta emas, bitta bo‘lsa ham yetadi. O‘sha bitta Haydar Sheroziyning satrlarini tushunib yetgan bo‘lsa bo‘ldi. Millionta odamni zaharlagandan ko‘ra, bitta odamning tafakkurini oshirishni ma’qul ko‘raman. Qo‘limdan boshqa narsa kelmaydi. Katta-katta filmlarni suratga olish uchun yig‘ib qo‘ygan mablag‘im yo‘q. Har uch oyda shunaqa kliplar olishga ham imkonim yo‘q.
– 5-6 yil davomida ko‘p sohalarda o‘zingizni sinab ko‘rdingiz: qo‘shiq aytdingiz, xorijga chiqib, bir nechta kompaniyalarning yuziga aylandingiz, futbol sharhladingiz. Lekin hozir o‘zingiz aytayotgan yuqori darajali ma’naviy muhitga yetish uchun ekran qiyofasidan voz kechishingiz ham mumkin edi-ku.
– Ba’zan oqimdan chetga chiqib, atrofni bir kuzatish ham juda katta foyda beradi. Shu yillar mobaynida menda shunaqa holat bo‘ldi. O‘zimning qayerga qarab ketayotganim, yo‘lim to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlab olishga imkonim bo‘ldi.
– Siz orada futbol sharhlovchisi ham bo‘ldingiz. Qo‘pol qilib aytganda, aktyorlikda eshitmagan tanqidlarni ham shu jarayonda eshitgansiz adashmasam. Nega ketdingiz bu sohadan. Bu siz uchun emas ekanmi?
– Hozirgacha futbol sharhiga qaytishimni so‘rashadi. Haligacha taklif qilishadi. Men bu sohadan sog‘ligim ko‘tarmagani uchun ketdim. Italiya A seriyasining o‘yini paytida mazam qochib, to‘g‘ri reanimatsiyaga tushgan paytim ham bo‘lgan. Men boshqa sharhlovchilar singari dam olib, atay shu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rib kela olmasdim. Kunduzi syomkalar va boshqa tadbirlarda yurardik. Bundan tashqari, odamlar meni sharhlovchi emas, aktyor sifatida qabul qilib bo‘lishgan edi.
Meni ko‘plar sharhlovchi sifatida qabul qila olmagan, lekin aktyorligim bu yerda ish bergan. Bir marta xorijiy mashhur insonlardan birini studiyaga olib kelib, sharhlovchilarni tanishtirishgan va o‘sha yerda men ham bor edim. “Bu oramizdagi yosh yigit endi ish boshladi, asli sohasi aktyor”, deb aytishganda, u: “Haqiqiy sharhlovchi aktyor bo‘lishi kerak. Sababi sharhlovchilarni tayyorlaydigan oliygoh yo‘q. Ular asosan san’at oliygohida tahsil oladi”, deb aytgan edi.
Kinolarimni ko‘rmasam ham, sharhlarimni eshitar edim. Sharhlovchilikni o‘zim yaxshi ko‘rganim uchun qildim. Bu qo‘limdan kelishiga ishonganman va hozir ham ishonaman. To‘g‘ri, menda ham kamchiliklar yo‘q emas, chunki endi boshlagandim bu sohani. Hayrulla akam (Hamidov – tahr.) ham dastlab boshlaganlarida qancha gaplar eshitishgan. Davron (Fayziyev – tahr.) ham birdaniga Davron bo‘lmagan. Ular yillar davomida shakllanishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham sharhlovchilikka qaytishim qiyin.
– Orada futbolda ham o‘zingizni sinab ko‘rdingiz. Nega?
– Bu orzum edi. Menga imkoniyat berildi. Nega foydalanmasligim kerak? Men yoshligimdan qiziqqanman bunga. Futbolchi degan hujjatim ham bor. Bu kelajakdagi rejalarimga ham qaysidir ma’noda turtki bo‘lmoqda.
Albatta, zo‘r o‘yinchi bo‘lganman deb ayta olmayman. Lekin mashg‘ulotlarga doim qatnashib turar edim. Klubimiz yopilib ketdi, meni hech kim transfer qilmadi va futbolni tark etdim. Klubim uchun ham meni tarkibga olish qaysidir ma’noda piar bo‘lgan desam bo‘ladi. Lekin bir mavsumda jamoam 11 ta gol urgan bo‘lsa, o‘shalarning bittasiga men mualliflik qilganman. Bu birinchi va oxirgi urgan golim bo‘lgan. Yana bir marta gol urganman, ammo uni hisoblashmagan. (kuladi)
– Ma’murjon Uzoqovning avlodisiz. Siz o‘zingizda ana shu mas’uliyatni bajara olyapman deb o‘ylaysizmi?
– Mening bobom singari ovozim yo‘q. Ular kabi qo‘shiq kuylay olmayman. Ular uchun eng to‘g‘ri qilgan ishim – qo‘shiqlarini qayta kuylamaganim deb bilaman. Kuylamayman ham. Kuylay olmaganman ham. Ammo o‘zbek musiqa san’atiga o‘zimni biroz hissamni qo‘shib kelmoqdaman.
To‘liq suhbatni videoda tomosha qiling.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.