Kike Seten kim? «Barselona» uni tanlab to‘g‘ri qildimi?

Sport 14:30 / 14.01.2020 23788

Ikki yarim yillik hamkorlikdan so‘ng «Barselona» Ernesto Valverdeni iste'foga chiqardi va uning o‘rniga o‘tgan mavsumda «Betis»ni boshqargan Kike Setenni tayinladi. Quyida ushbu voqeaga atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.

Iste'foga zarurat bormidi?

«Barselona»da inqiroz bormi o‘zi? Jamoa Valverde boshchiligidagi har ikkala mavsumda ham ta'qibchisidan ikki raqamli sonli ustunlik bilan chempionlikka erishdi. Iste'fo kuni bilan qaraganda ham, «Barselona» turnir jadvalida peshqadamlik qilib turibdi. Ammo boshqa tarafdan qaraganda, Valverde to‘plagan ochkolar «Barselona» uchun katta natija emas – oxirgi ikki mavsumdagi 93 va 87 ochko jamoa rejimi uchun oddiy hol. Gvardiola kelganidan buyog‘iga, ya'ni so‘nggi o‘n yilda «Barselona» atigi bir marta 90dan kam ochko to‘plagan, xolos. O‘shanda kataloniyaliklar chempionlikni «Atletiko»ga berib qo‘yishgan edi.

Aytmoqchimanki, «Barselona»ning so‘nggi ikki yildagi chempionligi yana bir omilga – «Real»ning kichik inqiroziga ham bog‘liq. Madridliklar shu ikki yilda o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi, chempionlik poygasidan juda erta chiqdi va hatto 2-o‘rinni ololmadi ham. So‘nggi yillarda ispan futboli kuchayib, o‘rtamiyona jamoalar ham grandlarga qarshilik ko‘rsata boshlagani haqidagi gaplar cho‘pchak, buni Angliyada «Liverpul» isbotlamoqda. Ya'ni, agar top-klublar o‘z muammolarini hal qilgan holda, barqaror va rostdanam kuchli o‘yin ko‘rsata boshlasa, dunyodagi eng raqobatbardosh ligalar ham tiz cho‘kadi –Valverde «Barselona»ni shunday mashinaga aylantira olmadi. Go‘yoki, «Barselona» uzoq davom etadigan turnirda tarkibdagi yulduzlarning mahorati va ma'lum darajadan tushmasligi yordamida g‘alaba qozonadigan, lekin eng muhim va kerakli paytda kurasha olmaydigan «PSJ»ni eslatib yubora boshladi.

«Roma» va «Liverpul»dan alamli mag‘lubiyatlar, Ispaniya Kubogidagi «Valensiya» va mana nihoyat, Superkubokda «Atletiko» ham g‘alabani ilib ketdi. Bu yo‘sinda, navbatdagi top uchrashuvda ham «Barselona» yo‘qolib qolishi va Chempionlar Ligasidan chiqib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ham bu chempionliklarning qadri oz edi va Valverdeni «Kamp Nou»da olib qolish uchun asos bo‘lolmadi. 

Kike Seten kim?

Kike Seten 1958 yilda tug‘ilgan. 1977 yilda Ispaniya futbolida yarimhimoyachi sifatida debyut qilgan Kike o‘z faoliyatini asosan «Rasing» jamoasida o‘tkazgan. Orada biroz tanaffus bilan u santanderliklar safida 400ga yaqin uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Madridning «Atletiko»si safida ham 73 o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urgan. O‘sha vaqtlarda Ispaniya terma jamoasiga ham jalb qilingan.

Kike Seten o‘z vaqtida murabbiylik qilish uchun yashash emas, yashash uchun murabbiylik qilishga to‘g‘ri kelayotganini yashirmagandi. Ya'ni, hozirda o‘ziga xos taktik va futbol «jinnilari»dan biri deb e'tirof etilayotgan Kike aslida, futboldan ketib, murabbiylik kurslariga qatnay boshlaguncha besh yil o‘tib ham ketgandi. Hatto u futbol tomosha qilishdan ko‘ra, shaxmat o‘ynash yaxshiligini ta'kidlagan, Garri Kasparov, Anatoliy Karpov kabi afsonalar bilan biror partiya yutishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Faqatgina oylik olib, pul topish uchungina u futbolga qaytdi va «Rasing»ni shug‘ullantira boshladi. Shuning uchun uning karerasida g‘alati jamoalarni ko‘rasiz - «Polideportivo», «Logrones». Hatto qisqa muddatga Ekvatorial Gvineya terma jamoasiga ham borib kelgan. Bir yerda bir yildan ortiq qolmagan Kikening ilk haqiqiy jamoasi «Lugo» edi. Uchinchi diviziondan topilgan bu jamoani Kike ikki yilda Segundaga olib chiqadi. Murabbiy u yerda olti yil qolib ketganidan o‘zi ham hayron qoldi va «Men Fergyusonga o‘xshayman» deb hazillashgandi ham.

Murabbiy sifatida jiddiy tarzda u haqida so‘nggi besh yilda, ilk bor «Las Palmas»dagi faoliyatidan so‘ng gapira boshlashdi. Kike u yerda shunday jamoa qurdiki, oddiy, autsayder futbolchilar bilan ham grandlarga qarshi ishonchli harakat qila boshladi, to‘p nazorati bo‘yicha La Liganing peshqadamiga aylandi. Las Palmasdagi uchinchi yilga kelib, jamoa to‘p nazorati bo‘yicha 56,9 foiz ko‘rsatkichni qayd etdi va faqat «Barselona»dan ortda qoldi. Shuningdek, har o‘yinda o‘rtacha 490tadan qisqa paslarni amalga oshirib, «Las Palmas» Ispaniyada yana «Barselona»dan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Setenning uslubi shu qadar o‘ziga jalb qila boshladiki, hatto Kevin Prins Boateng u bilan ishlashga rozi bo‘ldi. Las Palmas qayerdaligi haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmagan ganalik futbolchi «Real»ga qarshi o‘yindan keyin jamoaga kelishga ikkilanib o‘tirmagandi.

«Betis»da esa, uning murabbiylik salohiyati yanada ochildi. Natija borasida u qadar katta qadamlar tashlanmagan (6-o‘rin) bo‘lsa-da, o‘yin sifati borasida «Betis» Ispaniyaning o‘ziga xos jamoalaridan bo‘ldi. «Real»ga qarshi «Bernabeu»dagi ishonchli g‘alaba butun dunyoni hayron qoldirgan, shuningdek, Kikening «Betis»i hozircha «Kamp Nou»da «Barselona»ni yutgan (4:3) so‘nggi jamoa bo‘lib turibdi.

U qanday murabbiy?

 

Seten jamoalarining asosiy umumiyligi – raqibning saviyasidan qat'i nazar, to‘pni o‘z nazoratlarida ushlab turishga harakat qilishadi. U bu falsafani Yohan Kroyfdan «yuqtirib» olganini yashirmaydi.

«Kroyfning «Barselona»siga qarshi o‘ynaganimizda, o‘zimni juda yomon his qildim» – deb eslaydi Kike, - «biz hatto 80-daqiqalarga kelib ham, agar ular istashsa, to‘pga biror marta ham tega olmasligimiz ham mumkin edi. Men u bilan birga o‘ynash uchun barmog‘imni kesishga ham tayyor edim».

Shunday bo‘lsa-da, Kike o‘zini «tiki taka»chi murabbiy deb atashlarini yoqtirmaydi, kerak bo‘lganda, jamoalari uzun paslar bilan ham o‘ynay olishlari kerakligini ta'kidlaydi. U doim sodiq qoladigan yagona jihat esa, chiroyli o‘ynashdir. U jamoalar doim gavdali, jismoniy baquvvat futbolchilarga ko‘proq e'tibor qaratib, fint ishlatuvchi futbolchilarni murabbiylar cheklay boshlaganliklaridan yozg‘irib kelgan.

«Har qanday jamoa yoqimli futbol o‘ynashi kerak. Murabbiy futbolchilarning salohiyatidan kelib chiqishi kerak, degan gaplarga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, bir paytlar shunday derdim, balki futbolni tushunmasdim», – deydi Seten.

Bu gaplar uning portretini yanada ochiqlaydi: o‘z vaqtida Kike Xuan Valeronning o‘yinlaridan yig‘laganini yashirmaydi, Luka Modrich esa, doim unga zavq bag‘ishlaydi. Hatto bir marta «Barselona» mashg‘ulot o‘tayotgan maydonga kirib, Messiga oltmish yoshgacha futboldan ketmay turishni iltimos qilgan. Ana endi, bu qisman Kikening ham qo‘lida, to‘g‘rimi?

«Men shogirdlarimga bekorga yugurib yurishdan ko‘ra, o‘ylashni o‘rgataman», – deyishni xush ko‘radigan Seten shogirdlariga ayniqsa, ochiq zonalarni nazorat qilish orqali to‘pni o‘zida saqlashni ko‘rsatma berardi. Bu falsafani unga shaxmat o‘rgatgan, Kike doim futbol va shaxmatning o‘xshashliklari haqida fikr yuritishni yaxshi ko‘radi.

Valverdedan farqi va Valverde bilan o‘xshashligi

Kike Setenning Ernesto Valverdedan farqi sifatida, asosan, yuqoridagi bo‘limda tilga olingan uslub tilga olinmoqda. Ya'ni, Ernesto «Barselona»ning so‘nggi yillardagi eng pragmatik murabbiyi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi, jamoa uning qo‘l ostida to‘p nazorati, raqib maydonidagi paslar, hujumkorlik borasida eng past ko‘rsatkichlarni qayd etdi. «Barselona» muxlislari Valverdening o‘rniga aynan «Barselona» tizimi bilan yaqin bo‘lgan Kuman yoki Xavining kelishini istashganida ham shu sabab bor. Agar lozim bo‘lsa, Ispaniya futbolida o‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘lgan murabbiylar ichida Gvardiola uslubiga eng yaqin bo‘lgan murabbiy aynan Kike Setendir. Demak, bu tomondan xavotirga o‘rin yo‘q.

Yana bir farq, Kike Seten Valverde kabi yumshoq xarakterli emas. Buni biz uning keskin intervyularida, shuningdek, o‘zi ishlagan klub rahbarlari bilan ziddiyatlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Kike anchayin qat'iyatli va katta ehtimol bilan o‘ziga kerak bo‘lmagan futbolchi sotib olinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Valverde duch kelgan muammolardan yana biri, «Barselona» rahbarlarining «hayp» uchun Koutino, Frenki de Yong kabi futbolchilarni Valverdening ishtirokisiz sotib olishgani bo‘lgandi. Murabbiy ularga maydonda joy topib berishda qiynaldi.

O‘xshashlik tomon haqida gap borganda esa, ikki jihatni alohida tilga olish mumkin. Birinchidan, Kike ham xuddi Valverde kabi pressingni xush ko‘ruvchi murabbiylar qatoriga kiradi. Esingizda bo‘lsa, Valverde ham aynan yuqori pressing bilan o‘ynaydigan, Ispaniyada o‘ziga yarasha e'tibor qozongan «Atletik»dan «Barselona»ga tashrif buyurgandi.

Ikkinchidan, bu muammo ham bo‘lishi mumkin, Kike xuddi Valverde singari, yulduz murabbiy emas. Shu paytgacha hech qanday sovrin yutmagan, yulduzlar bilan ishlamagan, bu esa, dunyoning eng yulduzli jamoalaridan birida ishlashda xalaqit berishi ham mumkin. Bu borada, Kike «Barselona»da ishlashi kutilgan Xavi yoki Kuman, hatto Chempionlar Ligasi finalida qatnashishga erishgan Pochettino oldida ham ancha g‘arib ko‘rinadi. Ayniqsa, yuqorida aytilganidek, Kike Seten o‘z uslubiga futbolchilarni moslashtirishga urinadigan murabbiy – bu esa, o‘ziga yarasha o‘zgarishlarni talab qiladi. Jamoa natijalarini chetga surganda, Valverde jamoasida o‘zini juda komfort his qilgan va 33 yoshga kirganiga qaramasdan, eng yaxshi davrlaridan kam bo‘lmagan ko‘rsatkichlarni qayd etib kelayotgan Messiga bu qanday ta'sir qiladi? Seten va Messi munosabatlari oldida, yaqinda kuzatilgan Sarri va Ronalduning «janjalchasi» holva bo‘lib qolmaydimi?

Murabbiy juda nozik va chetdan qaraganda, biroz tushunarsiz bo‘lgan «Barselona» ichki muhitini qo‘lga olishning uddasidan chiqa oladimi? Nazarimda, «tiki taka»ni qaytarishdan ham ko‘ra, bu muhimroq va qiyinroq vazifa.

Vaziyatni o‘nglay oladimi?

Vaziyatni o‘nglash haqida gapirish uchun, avvalo, Valverdening inqiroziga aynan nimalar sabab bo‘lganini ham yaxshilab tushunish kerak. Aslida, Valverdening faoliyati rostdan ham inqirozmidi, degan savol ham bor va bunga ham aniq javob berish qiyin. Bugungi «Barselona»ning salohiyati qay darajada, so‘nggi uch yilda har biri yuz milliondan qimmatga olingan uch futbolchi (Koutino, Dembele va Grizmann) bilan «Barselona» Yevropani zir titratishi kerakmasmidi?

Bilasizmi, holatga boshqa tarafdan qaraganimizda, Valverde vaziyat qurboni ham ekanini ko‘rishimiz mumkin. Bu haqida avvalroq, «Qafasdagi Valverde» maqolasida ham yozilgan edi. Pressingni qo‘llash jihatidan Ispaniyaning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgan Ernesto Valverde «Barselona»ning bugungi tarkibida bu ishni amalga oshira olmay qolgandi. Messi-ku, mayli, u himoyalanishda ishtirok etishi shart emasdir, lekin Luis Suares ham pressingda ishtirok etmaslikni boshlagan, ikki futbolchisiz esa nafaqat mukammal, umuman har qandan pressing foydasiz.

Jamoaning pressing borasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlari «Betis»ga qarshi o‘yinga (5:2) to‘g‘ri kelgan, o‘shanda futbolchilar 65 marta to‘pni olib qo‘yish, egallash, blok qo‘yish kabi harakatlarni amalga oshirishgan va bundan 50tasi raqib maydonida ro‘y bergan. Oldingi chiziqda harakat qilgan uchlik – Grizmann, Peres va Rafinya birgalikda 10 marta raqibdan to‘pni olib qo‘yishgan. O‘sha o‘yinda Messi va Suares ishtirok etishmagandi.

«Valverde Messini qurbon qilib o‘z murabbiylik salohiyatini yuzaga chiqarish variantini amalga oshira oladimi? Yo‘q, albatta. Bu yerda Valverde, mana shu vaziyatning asiriga aylangan, xolos. Xuddi Argentina terma jamoasining barcha murabbiylari singari», – deb tugatilgandi o‘sha yuqorida tilga olingan maqola.

Bu fikrlar oktabr oyida yozilgan bo‘lsa, vaqt o‘tib muammo kattalashdi va Antuan Grizmann misolida yanada yaqqol ko‘rina boshladi. Asosiy yulduz va ijrochilardan biri bo‘lishi ko‘zda tutilgan Grizmann besh oydan beri Messi va Suaresning to‘psiz harakatlanishdagi kamchiliklarini yopish bilan vaqt o‘tkazmoqda. Grizmann to‘psiz harakatlanishda doim benazir bo‘lgan bo‘lsa-da, uch futbolchi o‘rniga mehnat qilish unga ham og‘ir – natijada, go‘yoki Valverde yulduz o‘yinchiga mos joy topib bera olmayotgandek tuyulayotgandi. Bu holatni Neymar davri bilan taqqoslash qiyin – u paytlarda Inesta bor edi va «Barselona» asosiy vaqtni to‘p nazoratida o‘tkazib, pressing qisqa masofalarda, to‘p yo‘qotilgan hamono ro‘y berardi. Valverde xuddi Neymar – Messi – Suares bo‘lganidek, Grizmann – Messi – Suaresdan iborat o‘z uchligi yarata olmadi. Sababi, birinchidan, Messi va Suares endi to‘rt yoshga qaridi, ya'ni oldingidek harakatchan emaslar, ikkinchidan, Enrike davridagi pressing farqliroq va osonroq bo‘lgan. «Barselona» u qadar quyi blokda harakatlanmasdi.

Demak, Kike Seten «Barselona»ning asosiy muammosini qisman yechishi mumkin. To‘pni ko‘proq nazoratga olish va «tiki taka» yordamida oldingi chiziqdagi futbolchilar ustiga tushadigan jismoniy yukni kamaytiradi va bu Grizmanning ko‘proq kreativlik bilan shug‘ullanishiga zamin yaratadi.   .

«Biz «Real»ning ojiz nuqtalarini bilardik va ularning pressing tizimini o‘rgandik. Necha kishi ishtirok etadi, qay darajaga qat'iyat bilan harakat qilishadi, buni bilardik. Agar sen to‘pni qanchalik ko‘p egallab tursang, raqibni shu darajada to‘p orqasidan yugurishga majbur qilasan. O‘ylaymanki, shu orqali biz raqibning bosimidan xalos bo‘ldik», - degandi Kike Seten o‘sha «Real» ustidan qozonilgan mashhur g‘alabadan so‘ng.

Suaresning yordami

Jamoaning asosiy hujumchisi Luis Suaresning uzoq muddatga safdan chiqishi Kike uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Bu voqea ham, murabbiyning kelishi ham qishki transfer oynasi davriga to‘g‘ri kelgani, yana bir bonus.

Demak, Kike Seten o‘z uslubini qurishda muammoli bo‘lgan bir yulduz futbolchidan qutuldi. To‘g‘ri, natijaga ta'sir qilish borasida Suares o‘z gollari bilan juda kerakli figura, lekin gap aynan o‘yinni qurish haqida borganda, yuqorida aytilganidek, ikki teginilmas yulduzning bo‘lishi hatto «Barselona» uchun ham ko‘plik qilardi. Suaresning zaxirada qoldirilishi qo‘shimcha muammolar yaratadi, uning Messi bilan ham maydonda va uning tashqarisida yaqin ekani vaziyatni yanada og‘irlashtirishi, kamida murabbiy bu juftlik bilan hisoblashishini taqozo qilishi mumkin edi.

Endi Kike bemalol Suaressiz variantlarni sinab ko‘ra oladi, bemalol Dembeledan voz kechishi mumkin va o‘ziga mos bo‘lgan hujumchini sotib olish imkoniga ham ega. Bunday sharoit hatto yozda Valverdeda ham bo‘lmagandi. Albatta, aqlli murabbiy yangi mavsumni 33 va 34 yoshli ikki hujumchi bilan boshlashni istamagan bo‘lardi, demak, Kike hozirdan Suares jamoada bo‘lgan holatda, unga o‘rinbosar qidirishi, usiz rejalarni amalda sinab ko‘rishi mumkin.

Katta ehtimol bilan, pressingda faol bo‘lgan, yaxshi jismoniy ko‘rsatkichlarga ega, yoshroq hujumchi sotib olinadi va mana shu bir transfer bilan ikki quyonni urish mumkin. Antuan Grizmann aynan mana shunday sherik bilan «Atletiko»dagi o‘yinlarini ko‘rsata boshlashi mumkin. Tabiiyki, Kike Antuanni o‘z yuqori formasiga qaytargan murabbiy sifatida dastlabki «ochko»larni qo‘lga kiritadi. Bu borada u Valverdedan omadliroq.

Kikega yetarli vaqt beriladimi?

Mana bu eng og‘ir va jamoa muxlislarini xavotirga solishi mumkin bo‘lgan savol. Setenning «Barselona»ga tayinlanishi qanday ro‘y berganining o‘ziyoq, uning iste'fosini ancha yaqinroq bo‘lishi mumkinligidan dalolat qilayotgandek, go‘yo. U bilan shartnoma «0,5+1+1» ko‘rinishida bo‘lib, u agar mavsumning qolgan qismida ishonchni oqlamasa, ishdan bo‘shatilishi ham mumkin.

Gap shundaki, 61 yoshli murabbiy «Barselona» nomzodlari ichida hatto uchlikda ham yo‘q edi. Ronald Kuman Yevropa chempionati tugagandan keyin gaplashamiz, dedi. Xavi balki bunday mas'uliyatga hali tayyor emasligini bildirdi. Yana bir nomzod Pochettino esa qat'iyan rad etdi. O‘z vaqtida «Espanol»da ishlagan murabbiy, o‘shanda «hech qachon «Barselona»ni boshqarmayman» deb aytan gaplariga sodiq qoldi.

Xullas, Kike Seten «La Masiya» tizimiga, Kroyf va Gvardiola uslubiga har qancha yaqin bo‘lmasin, klub uchun to‘rtinchi nomzod edi, bu esa, qarorning strategik jihatini yo‘qqa chiqaradi. Umuman, klub qaysi strategiyadan bordi, Xavi bilan Pochettino kabi bir-biriga falsafa va g‘oya jihatidan teskari murabbiylarni qanday bir ruyxatga tirkash mumkin, bu noma'lumligicha qolmoqda. Bundan xulosa qilish mumkinki, klub uchun ayni paytda Valverdening o‘rniga murabbiy topish muhimroq qaralgan, keyingi yillarning strategik poydevorini yaratishdan ko‘ra.

Bunday holatlarda esa, ko‘rsatiladigan natijalar muhim faktorga aylanib qoladi. Kikening oldida ikki yo‘l bor – yo juda chiroyli futbol va ajoyib muhit tashkil qilib, 2-3 yillik istiqbolda juda kuchli va tomoshabop jamoa yaratish salohiyatini namoyish qilishi kerak. Uni qisqa muddatda namoyish qilish salohiyati Kikeda bor, masalan, o‘sha «Betis» bilan «Bernabeu»dagi g‘alabasi paytida u jamoaga kelganiga atigi ikki oy bo‘lgan edi.

Yoki biror katta sovrin (Ispaniya chempionligi hisob emas) yutish orqali, o‘zidan bosimni olib tashlab, keyingi yillar uchun vaqt yutib olish. Bo‘ldi.

Umuman, «Barselona» DNKsi, «tiki taka» kabi gaplar ham aslida biroz bo‘rttirilgandek, masalan, «Liverpul»ga qarshi o‘yinda Alba hisobni tenglashtirganda yoki «Roma» o‘sha oqshom uchinchi golni ura olmaganda nima bo‘lardi? «Barselona» Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqanda, Valverdening pragmatizmi, «Barselona» dogmalaridan chekinayotgani haqidagi bugungi gap-so‘zlar bo‘larmidi? Yo‘q, albatta. Aksincha, murabbiyning bugungi sharoit va tarkibdan kelib chiqib, eng optimal, moslashuvchan tizim yarata olganiga tahsinlar o‘qilardi, ishonavering.

Demak, Kike Setenda ikki emas, birgina yo‘l qolyapti. Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish. Aks holda, yozda biz yana Xavi, Kuman yoki Pochettino haqida to‘qilgan yoki to‘qilmagan juda ko‘p yangiliklar o‘qishimizga to‘g‘ri keladi.  

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: