Toshkent IIBB «migalka» va «sirena»ni ruxsatsiz o‘rnatib olgan haydovchilarni jarimaga torta boshladi

Jamiyat 14:36 / 13.01.2020 23675

Poytaxtda Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari avtomobil haydovchilarida «migalka» va «sirena» kabi «urflar» paydo bo‘lganini kuzatmoqdalar, deb yozmoqda IIBB axborot xizmati. 

Poytaxt IIBB avtomobilchilarga tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish jarimalarga sabab bo‘lishini eslatdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 yanvar kuni soat 12:20da Minor masjidi yonida maxsus yorituvchi qurilma o‘rnatilgan Spark rusumli avtomobil shu hududda xizmat olib borgan YHXB YPX inspektori tomonidan to‘xtatildi. Aniqlanishicha, avtomobilni ishonchnoma asosida 21 yoshli F.Z. boshqarib yurgan va maxsus yorituvchi qurilmalar o‘rnatish uchun ruxsatga ega bo‘lmagan. Ushbu fakt asosida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.  

IIBBning eslatishicha, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq, mazkur qoidabuzarlik hollarida avtomobil jarima maydonchasiga joylanadi.

«Hurmatli haydovchilar! Ruxsatsiz o‘rnatilgan «migalkalar» sizlarni olifta qilib qo‘ymaydi – balki yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan mas'uliyatsizligingizni hamda avtomobil boshqaruviga jiddiy qaramasligingizni bildiradi.

Madaniyatimizda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish misolida o‘zaro hurmat urfini shakllantirishimiz zarur. O‘zingizda va yaqinlaringizda ushbu maqsadni rag‘batlantiring», - deyiladi ma'lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: