Lyubinko Drulovich: «O‘yin tizginini to‘liq o‘z qo‘limizda ushlab turdik»

Sport 21:17 / 12.01.2020 9898

O‘zbekiston olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich Osiyo chempionati guruh bosqichida Xitoy ustidan qozonilgan g‘alaba (2:0) haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Tribuna.uz muxbiri Tailandning Songhla shahridan xabar beradi.

«Birinchi bo‘limni ancha yaxshi o‘tkazdik – golga tortadigan uchta xavfli vaziyat yarata oldik. Taym oxiriga kelib raqib darvozasini ishg‘ol qilishga ham muvaffaq bo‘ldik. Birinchi bo‘lim davomida Oybek Bozorov ancha yaxshi taassurot qoldirdi.

Umuman olganda, bugungi uchrashuvda 90 daqiqa davomida jamoa yaxshi o‘ynadi. Futbolchilarning harakatlaridan qoniqish hosil qildim. Xitoy jamoasi ham yomon o‘yin namoyish etmadi.

Eron bilan uchrashuvdan keyin g‘alaba qozonishimiz shart edi, chunki u o‘yinda bir ochkonigina qo‘lga kirita olgandik xolos. Shu sababdan ham bu o‘yinga yigitlarimizni yaxshi tayyorlashga harakat qildik va ular ishonchimizni oqlashdi. Butun o‘yin davomida yaxshi harakat qilishdi, o‘yin tizginini o‘z qo‘limizda ushlab turdik.

Endi e'tiborimizni Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinga qaratamiz. Bu uchrashuvga ham yigitlarni bugungidek tayyorlashga harakat qilamiz. Janubiy Koreya ancha tezkor o‘ynaydi, ularga qarshi o‘yin ham oson bo‘lmasligi tayin.

Kelasi o‘yinlarda o‘yin holatidan ham gol kiritishga harakat qilamiz. Bugun ham penaltidan to‘p kiritdik. Agar ikkinchi penaltidan ham foydalanganimizda, o‘yinning qolgan qismida ko‘proq gol urishimiz mumkin bo‘lardi. Shu sababli ham 2-bo‘limda ko‘proq to‘pni va o‘yinni nazorat qilishga harakat qilib, buning uddasidan chiqa oldik. Keyingi o‘yinlarda ko‘proq gol urishga harakat qilamiz

Nurillo To‘xtasinovning Oybek Bozorovga almashtirilishiga kelsak, Nurillo asosiy tarkib futbolchilarimizdan sanaladi. Oybek esa hujum va himoya chiziqlarini bog‘lab turishda tezkorligi bilan ajralib turadi. U biroz toliqqanini sezgach, o‘rniga To‘xtasinovni maydonga tushirdik va yakunda u raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi, bundan juda xursandmiz», – dedi serbiyalik mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, yakunlovchi turda O‘zbekiston guruh yetakchisi Janubiy Koreyaga qarshi 15 yanvar kuni maydonga tushadi.

Ko‘proq yangiliklar: