Islom inqilobi muhofizlari korpusi Erondagi aviahalokatda AQShni aybladi

Jahon 21:16 / 11.01.2020 18808

Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda Ukraina samolyotining halokatiga AQShning harakatlari sabab bo‘lganini aytdi.

"Bu Amerikaning mintaqadagi yovuzliklari va harakatlari natijasi. O‘sha tunda bizning tizimlarimiz to‘liq jangovar shaylik holatida edi. Tunda osmonda ko‘plab harbiy samolyotlar bor edi", — dedi u matbuot anjumanida.

Shu bilan birga u o‘zidan aybni soqit qilmadi.

"Nima bo‘lganini tushunganimda esa o‘lishni istadim. Bu voqea guvohi bo‘lganimdan o‘lganim yaxshi edi", — deb qo‘shib qo‘ydi Hojizoda.

Qo‘mondonning aytishicha, Boeing 737 kichik masofaga mo‘ljallangan raketa bilan urib tushirilgan. Eron havo hujumidan mudofaa tizimi samolyotni qanotli raketa deb qabul qilgan. Operatorda qaror qabul qilish uchun bor-yo‘g‘i o‘n soniya vaqt bo‘lgan, ammo aloqadagi nosozliklar sababli u qo‘mondonlik bilan bog‘lana olmagan va Hojizoda ta'biri bilan aytganda, "yomon tanlovni amalga oshirgan".

"Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari"ga qarashli samolyot 8 yanvar kuni tong saharda Imom Xumayniy nomidagi aeroportdan havoga ko‘tarilgan, ammo oradan bir necha daqiqa o‘tgach radarlardan g‘oyib bo‘lgan va qulab tushgan. Halokat oqibatida 176 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Ko‘proq yangiliklar: