«Hozirgacha 75 ming dona Mushaf nashr qilindi» - Qur'oni Karimning navbatdagi adadi sotuvga chiqarildi

Jamiyat 23:50 / 11.01.2020 28145

Islom.uz portali ma'lumotiga ko‘ra, bu Mushaf Madina Mushafining nusxasi asosida, rasmi Usmoniyda, imom Hafsning imom Osimdan qilgan rivoyatiga ko‘ra hamda xattot shayx Usmon Tohoning xatida tayyorlangan. Qur'oni Karimning ushbu nusxasini ko‘rikdan o‘tkazish, zavobitlarini qo‘yish va tadqiq etish ishlari Suriya Arab Respublikasi «Mushaf bitish ilmiy hay'ati»ning sobiq rahbari, shayx, hofiz Yahyo Muhammad Nosih boshchiligidagi mutaxassislar tarafidan amalga oshirilgan.

U Ismoil Muhammad Sodiq rahbarligidagi «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasida «G‘avsoniy» nashriyotining rasmiy ruxsati va asliy nusxasi asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda nashrga tayyorlangan.

«Qur'oni Karim yana 20 ming nusxada, yangi ko‘rinishda sotuvga chiqariladi»

«Xabaringiz bor, «Hilol-nashr» nashriyoti 2018 yildan buyon Qur'oni Karim — Mushafi sharifni nashr etish ishlarini boshlagan. Uzoq yillar O‘zbekistonda Qur'on chop qilinmagan, shuning uchun ham bunga ehtiyoj juda katta edi. Umumiy hisobda hozirgi kungacha 75 ming adadda Qur'oni karim chop qilinib, o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

Bugun nashriyot tomonidan yana 20 ming nusxada Mushaf sotuvga chiqarildi. Yurtdoshlarimiz Toshkent shahri va viloyatlardagi jami o‘nta do‘kondan sotib olishlari mumkin.

Joriy yil birinchi choragida Mushafi sharif yana 20 ming adadda, yangi ko‘rinishda sotuvga chiqariladi. Hozirda chop qilish ishlari ketmoqda. U hozirgidan biroz kichikroq ko‘rinishda, yanayam chiroyli shaklda o‘quvchilar qo‘liga yetkazib beriladi, inshaalloh», deydi nashriyot xodimi Yorqinjon Haydarov.

«Allohga beadad shukr, shunday zamonlarga keldik»

Navbatdagi nashrni ham xalqimiz qizg‘in kutib olganini, birgina, Mushaf olish uchun yuzaga kelgan navbatdan ham bilib olish mumkin. Kalomi sharifni Toshkent shahri va viloyatlardagi «Hilol-nashr» kitob do‘konlarida xarid qilish mumkin. Kitob 35 ming so‘m qiymatda sotilishi belgilangan.

Qur'oni Karim sotib olish uchun navbatda turgan, qo‘liga Allohning kalomini ushlab turganidan qalbi quvonchda bo‘lgan vatandoshlarimizni suhbatga tortdik.  

«Ushbu kitob — kalomi sharifni olganimdan juda baxtiyorman. Alloh barcha mo‘minni o‘zining ixlos va iymoni bilan mukofotlasin. Doimo niyat qilardimki, Allohning kalomini o‘qisam, xatm qilsam, o‘zimni baxtli deb hisoblardim», — deydi Qashqadaryo viloyatidan kelgan yurtdoshimiz.

«Uyimizda bir dona Qur'onimiz bor. Besh yashar qizim bor va u bilan Qur'oni Karimni galma-gal o‘qishda qiyinchilikka duch kelardik. Mana, bugun Qur'oni Karim sotib oldik va endi ikkalamiz bir xil nusxadan o‘qib, dars qilishimizga sharoit bo‘ladi, inshaalloh. Ushbu Mushafni nashr etishda xizmat qilgan barchadan Alloh rozi bo‘lsin!» — deydi xaridorlardan biri. 

Ko‘proq yangiliklar: