Buxoroda giyohvand vosita sotuvchilariga sud hukmi e'lon qilindi

Jamiyat 10:57 / 11.01.2020 7084

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi giyohvand vositalari bilan xilof ravishda muomala qilganligi uchun 45 yoshli A.S. va 44 yoshli F.M.ga nisbatan hukm chiqardi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2019 yil 15 iyul kuni taxminan soat 19:00larda Buxoro viloyati bojxona va DXX boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan “Nazorat ostida sotib olish” tezkor tadbirda, 45 yoshli A.S. Buxoro shahar Kunjiqal'a ko‘chasida “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotayotganida ushlangan.

A.S. ushbu giyohvandlik vositasini tanishi F.M.dan 1.290.000 so‘m evaziga sotib olganligini ma'lum qilgan. O‘z navbatida, F.M. ham aybini tan olib, giyohvandlik vositasi uchun olgan 1.290.000 so‘m pullarni o‘z xohishi bilan xodimlarga taqdim qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hamda tegishligi bo‘yicha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining ish yurituviga olingan.

Dastlabki tergov jarayonida A.S. va F.M.ga nisbatan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov yakuniga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan fuqarolar F.M. va A.S. ushbu jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb  topilib, ularning har biriga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: