Bugungi kunda O‘zbekistonning turizm sohasi yuqori ko‘rsatkichlarga erishmoqda: xorijlik sayyohlar soni kundan-kunga oshib, ichki turizm jadal rivojlanmoqda, sohaga bog‘liq infratuzilma shakllanib, xizmatlar eksporti tinimsiz o‘smoqda.
Shubhasiz, turizm mamlakat iqtisodiyotining eng istiqbolli va daromadli sohasi bo‘lib, ilm-fan, ta'lim va biznesni birlashtirmoqda. Bugun mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, turizm industriyasi rivojlanishining moliyaviy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini isloh qilish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining salohiyatini rivojlantirishda sayyohlik soha rolining o‘sib borishida uni ilmiy tushunish, yuz berayotgan jarayonlarni asoslash, kadrlar tayyorlashning aniq tizimini yaratish, professional turistik ta'limning zamonaviy modellarini o‘zlashtirishni talab etmoqda. Chunki, jahon standartlariga javob beruvchi yuqori malakali mutaxassislar tanqisligi mamlakatimizda turizmning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng asosiy muammo hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamkorlikda sohadagi muammolar yuzasidan fikr almashish va turizmni rivojlantirish usullarini muhokama qilish maqsadida «Globallashuv davrida turizm industriyasi uchun kadrlar tayyorlash» mavzuida davra suhbati tashkil etdi.
Tadbirdan maqsad – xalqaro talablarga mos keluvchi turizm sohasidagi kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ilmiy-uslubiy, amaliy tavsiyalar bilan almashishning xalqaro maydonini yaratish, shuningdek, ushbu masalalarni hal etishda ta'lim va biznesning o‘zaro ta'siri mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdir. Bundan tashqari, turizm sohasidagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, fundamental, ilmiy-amaliy ishlarga bo‘lgan keskin ehtiyoj muammosini hal etishga ko‘maklashish ham bugungi tadbirning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda turizmni zamonaviy bosqichda rivojlantirishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Bular – dual ta'lim asosida turizm industriyasi sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, bevosita mutaxassisliklarga o‘qitishdir.
Davra suhbatida Xitoy madaniyati va turizmi akademiyasi prezidenti, rektor maslahatchisi, professor Tongkyan (Toni) Dzou «Status-kvo va Xitoy tashqi turizmini rivojlantirish tendensiyalari» mavzuida ma'ruzasi bilan chiqish qildi. Shuningdek, Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo tadqiqot markazi direktori Rudi Fangning «Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo turizm sohasida tadqiqotlar markazi»ning O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasidagi ko‘magi» mavzuidagi ma'ruzasi ham tinglandi.
Tadbirda TDU, TDIU, O‘zDJTU, BDU, NDU, SDChTI, NamDU, FDU, UDU, BMTI, QDU, Milliy rassomchilik va dizayn instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidan tashrif buyurgan mutaxassis va olimlar ishtirok etdi.
«Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti
faoliyatini ilgari surish bo‘limi