Dubaydagi Emirates Minting Factory kompaniyasi og‘irligi 300 kilogrammdan oshadigan dunyodagi eng katta oltin yombini tayyorladi. Bu haqda amirlik hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu orqali kompaniya Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.
«Emirates Minting Factory og‘irligi 300 kilogrammdan ortiq bo‘lgan eng katta oltin yombini ishlab chiqarib, Dubay uchun yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Ushbu yutuq munosabati bilan Dubaydagi qimmatbaho metallar bo‘yicha konferensiyaning yopilish marosimida Ginnessning rekordlar kitobi sertifikati topshirildi», — deyiladi xabarda.
Emirates Minting Factory Dubaydagi (BAA) Al-Quz sanoat zonasida joylashgan zavodga egalik qiladi. Korxona qimmatbaho metallarni tozalash bilan shug‘ullanadi va har kuni 1000 kilogrammdan 1200 kilogrammgacha oltin va kumushni qayta ishlash hamda eritish quvvatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilar orasida o‘ninchi o‘rinni egallagan. 12 oy davomida O‘zbekistonda 119,6 tonna qimmatbaho metall ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p oltin ishlab chiqargan mamlakat Xitoy bo‘lgan — 378,2 tonna. Ikkinchi o‘rinda — Rossiya (321,8 tonna), uchinchi o‘rinda — Avstraliya (293,8 tonna).