Tanqiddan so‘ng: Xorazmdagi bog‘chadagi noqonuniy qurilma buzib tashlandi, mutasaddilarga chora ko‘rildi

Jamiyat 21:39 / 10.01.2020 20260

2019 yilning 18 dekabr kuni Kun.uz saytida «Bu saunami yo sport zalimi?» - Urganch tumanidagi bolalar bog‘chasining bir qismida noqonuniy bino qurildi» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingandi.

Xorazm viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi mazkur maqolaga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, maqolada keltirilgan holat bo‘yicha Xorazm viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi oldinroq ushbu noqonuniy harakatni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzgan holda o‘rganish ishlarini olib borgan.

Urganch tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli 4-son maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi Zumarad Kushchanova fuqaro Dilmurod Allaberganov bilan og‘zaki kelishuv asosida o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot hududida go‘yoki tarbiyalanuvchilar uchun gimnastika zali sifatida foydalaniladigan inshoot qurilishiga ruxsat bergani, qurilish ishlari tezkorlik bilan boshlangan holda, qisqa muddat ichida qurilib bitkazilgani aniqlangan.

«Boshqarma tomonidan ushbu maktabgacha ta'lim tashkilotida 2019 yilda olib borilgan joriy remont bo‘yicha qilingan ishlarni o‘rganish maqsadida borilganida ushbu noqonuniy qurilma aniqlangan. Noqonuniy qurilmani kim va qachon qurilgani yuzasidan tashkilot mudirasidan izoh so‘ralganda, u aniq bir gap aytmasdan, ijara shartnomasi asosida yer maydonini ajratganman, deb ta'kidlagan, xolos.

Yuqoridagi noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan holatni o‘rganib, qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha Xorazm viloyat prokuraturasiga 16 dekabr kuni 01-01/2-4-1828-sonli murojaat taqdim qilingan.

Shu bilan birga, Maktabgacha ta'lim boshqarmalari hamda tizimdagi barcha korxona va tashkilotlarning hisobida bo‘lgan bino-inshootlar, ular joylashgan yer uchastkalari hamda boshqa mol-mulklarini boshqarish va tasarruf etish vakolati vazirlik rahbariyatiga berilgan bo‘lib, yer uchastkalarini mahalliy hokimliklarning zaxira fondiga o‘tkazishga rozilik berish qat'iy ravishda vazirlik rahbariyati bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi shartligi haqida ogohlantirilgan.

Shunga qaramasdan, Urganch tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli 4-son maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbari Z.Qo‘shchanova tomonidan o‘zboshimchalik bilan fuqaro Allaberganov Dilmurod bilan og‘zaki kelishgan holda 4-son MTT tasarrufida bo‘lgan yer maydonidan 2019 yil oktabr oyida yangi bino qurilishiga ruxsat berganligi aniqlandi.

Bugungi kunga kelib Xorazm viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan ushbu maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh o‘rganish ishlarini yakunlamoqda.

Yuqoridagi noqonuniy xatti-harakatlar bo‘yicha vaqtida olib borilmagan nazorat va sustkashligi uchun Urganch tuman Maktabgacha ta'lim bo‘lim mudiri va Urganch tumani 4-son maktabgacha ta'lim tashkiloti mudiralariga mehnat qonunchiligida belgilangan choralar ko‘rildi.

Urganch tumani 4-son maktabgacha ta'lim tashkiloti hududida hech qanday hujjatlarsiz qurilgan noqonuniy qurilma bugungi kunda buzib tashlandi.

2019 yildagi holat
2020 yildagi holat
2020 yildagi holat

Kelgusida yuqoridagidek holatlar ro‘y bermasligi uchun barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlari mudiralaridan kafolat xatlari olindi. Shu bilan birgalikda, bugungi kunda viloyatdagi barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hududida shunday noqonuniy qurilmalarning bor yoki yo‘qligi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda», deyiladi boshqarmaning tahririyatga yo‘llagan munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: