O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 30 dekabr kuni Komi Respublikasi Yemva shahrida O‘zbekiston fuqarosi K.A. ish joyida baxsiz hodisa oqibatida vafot etdi.
Shuningdek, 5 yanvar kuni Sankt-Peterburg shahri Kurortniy tumanida yo‘l-transport hodisasi natijasida haydovchi, O‘zbekiston fuqarosi M.A. vafot etdi.
TIV xabariga ko‘ra, ayni paytda ikkala hodisaning tafsilotlarini aniqlash uchun tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bosh konsulxona tegishli masalalarni hal qilish uchun mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.