«Elektron mehnat daftarchalari bo‘sh ish o‘rinlari haqida tezkor ma'lumot olishga imkon beradi» – vazirlik

Jamiyat 19:36 / 07.01.2020 3013

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiysi Alisher Elmurodov mehnat shartnomalarining elektronlashtirilishi afzalliklari xususida axborot berdi.

«Shu paytgacha respublikada mehnat bozorining holati haqida aniq ma'lumotlarga ega bo‘lmaganmiz. Ma'lum bir tashkilotdagi xodimlar yoshi, jinsi, mutaxassisligi haqida operativ axborotlarga ega bo‘lish imkonsiz edi.

Aholi bandligi sohasida tahlil, prognozlash darajasi juda past bo‘lgan. Natijada, vaqtida aniqlanmagan muammolar yig‘ilib qolgan. Elektron mehnat daftarchalari ishga tushirilishi ushbu masalalalarni hal qilishga imkon yaratadi. Shuningdek, qator yengilliklarni yaratib beradi.

Elektron mehnat daftarchalari ishga tushirilsa, bo‘sh ish o‘rinlari haqida operativ ma'lumot olish mumkin bo‘ladi. Xodim ishga kirgani va bo‘shagani elektron qayd etiladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bazaga kirib vakansiyalar to‘g‘risida tezkor bilib olishimiz mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Elmurodovning qo‘shimcha qilishicha, ma'lumotlarning elektronlashtirilsa, xodim ish joyidan ma'lumotnoma olishi uchun ish beruvchiga murojaat qilishiga ehtiyoj tug‘ilmaydi. Tizimga kirib, korxona-tashkilot haqidagi ochiq ma'lumotni olib kerakli joyga taqdim etishi mumkin. Bunda inson omili kamayib, ishlash tizimi osonlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: