Eron oliy milliy xavfsizlik kengashi amerikalik harbiylar tomonidan "Al-Quds" bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun AQShdan qasos olishning 13 xil yo‘lini tayyorladi. Bu haqda milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Shamxoniy ma'lum qildi.
"Bugungi kunda milliy xavfsizlikda qasos olishning 13 xil yo‘li taqdim etildi", - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Fars agentligi.
Shamxoniyning qo‘shimcha qilishicha, "ularning eng kichigi ham AQSh uchun tarixiy dahshatga aylanadi".
Uning so‘zlariga ko‘ra, "amerikaliklar Eronning javobi oldida ojiz ekanliklarini bilishadi".
"Agarda AQSh kuchlari mintaqani o‘zlari tark etishni istamasa, biz ularni bunga majbur qilamiz", - dedi Eron xavfsizlik kengashi kotibi.
Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar Bag‘dod aeroportida Eron generali Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng keskinlashdi. Tehron Vashingtondan buning uchun qasos olishini bildirdi.