Norin tumanida Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning viloyat yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Kun.uz’ga viloyat hokimligi axborot xizmati.
Videokonferensiya tarzida barcha tumanlar va shahar yoshlari ham ishtirok etgan uchrashuv chog‘idagi yoshlarga murojaatida viloyat hokimi “Namangan viloyati yoshlarini har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida ko‘plab yangi tashabbuslarni ham qo‘llab-quvvatlashga qaror qildik” deya qayd etdi va 2020 yildan boshlab viloyatda hayotga tatbiq etiladigan yoshlar masalalariga oid yangi dasturni e'lon qildi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Namangan yoshlari muammolarini o‘rganadi
Namanganda viloyat hokimi rahbarligida yoshlar masalalari, muammolarini o‘rganish hamda hal etish bo‘yicha Ishchi guruh tuziladi va barcha tumanlarda yoshlar bilan bog‘liq holat hamda mavjud muammolar to‘liq o‘rganib chiqiladi.
“Yoshlar murojaati” veb sayti Namangan yoshlariga har qanday muammo va taklif bilan viloyat hokimiga murojaat qilish imkonini beradi
Viloyat yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, takliflar hamda muammolarni yuborishlari uchun viloyat hokimligi qoshida “Yoshlar murojaati” veb sayti tashkil etiladi. Shuningdek, ma'lumotlar, takliflar va muammolarni tezkor tarzda qabul qilish uchun viloyat hokimligida “call center” ham yo‘lga qo‘yiladi.
Respublika va xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan 110 nafar iqtidorli talabaning kontraktlari viloyati hokimligi tomonidan to‘lab beriladi
Viloyatda talab yuqori bo‘lgan va mutaxassislar yetishmayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha respublika oliygohlarida ta'lim olayotgan 100 nafar talabaning kontrakti mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan hamda chet elda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgan 10 nafar iqtidorli talabaning kontraktlari hokimlik zaxirasidan to‘lab beriladi. Bunday imtiyoz taqdim etilgan yoshlar bilan o‘qishni tamomlagach, o‘z sohasida 5 yil viloyat hududida ishlab berish yuzasidan shartnoma imzolanadi.
Hindiston, Janubiy Koreya va Yaponiya ta'lim markazlari tashkil etilmoqda
Yoshlarning malakali kasb egallashlari uchun Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya bilan hamkorlikda kasb-hunar va zamonaviy til o‘rgatish markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlar yaqin oylarda faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.
Har bir tumanga yangi sport majmuasi
Har bir tumanda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi sport majmualari tashkil etiladi.
“Yoshlar soati” teledasturi hokimlar va yoshlarning muloqot maydoni bo‘ladi. “Yoshlar media markazi” tashkil etiladi.
Viloyat televideniyesida har haftada bir marta 2 soatlik “Yoshlar soati” dasturi tashkil etiladi. Dastur davomida viloyatda yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardagi mavjud muammolar yoritiladi hamda viloyat va shahar, tumanlar hokimlari, mas'ul rahbarlar bilan ochiq muloqot o‘tkaziladi.
Namangan shahridagi “Yoshlar markazi” qoshida zamonaviy apparaturalar bilan jihozlangan “Yoshlar media markazi” tashkil etiladi.
1000 ta ish o‘rnidan iborat viloyat hokimining kvotasi shakllantiriladi
Viloyatdagi korxonalar, tashkilotlar, yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatuvchi sub'yektlarda umumiy miqdori 1000 tadan iborat viloyat hokimi kvotasi ish o‘rinlari yaratiladi.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga avtomobillar sovg‘a qilinadi
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini munosib taqdirlash yo‘lga qo‘yiladi. Tan olingan xalqaro olimpiadalarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritganlarga “Nexia-3”, 2-o‘rin egalariga “Spark”, 3-o‘rin sohiblariga “Damas” avtomobillari sovg‘a tariqasida taqdim etiladi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbekiston tarixi” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi
Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan maktab o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbekiston tarixi” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi. G‘olib o‘quvchilar O‘zbekiston qadimiy shaharlari bo‘ylab barcha xarajatlari to‘liq qoplangan bepul sayohat bilan taqdirlanadi. Har yili 10 nafar eng faol yoshlar “Artek” xalqaro dam olish maskaniga bepul yuboriladi
Namangandagi korxonalar yoshlarni xorijga bepul o‘qishga yuboradi
Viloyatda salohiyatli hamda zamonaviy bilimlarga ega kadrlarni ko‘paytirish hamda xorijiy mutaxassislarni zamonaviy korxonalarga katta maosh evaziga jalb etishni kamaytirish maqsadida yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub'yektlari o‘zlari uchun kerakli yo‘nalishlarda 1 nafardan yoshlarni aniq fanlar yo‘nalishida o‘qitish uchun o‘z mablag‘lari hisobidan chet elga yuborishlari bo‘yicha kelishuv imzolanadi.
“Afsona music” yosh iste'dodlar ochiq ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi
Har yili viloyat yoshlari o‘rtasida an'anaviy musiqaning 3 ta – maqom, opera, estrada yo‘nalishlarida “Afsona music” yosh iste'dodlar ochiq ko‘rik-tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. “Afsonalar vodiysi” bog‘idagi 2400 kishilik amfiteatr ushbu tanlovning o‘tkazish o‘rni sifatida belgilanadi.
100 nafar yoshlar rahbarlik lavozimiga tayinlanadi
Har bir viloyat tashkiloti va boshqarmasi o‘z hajmidan kelib chiqib, viloyat va tumanlar kesimida yosh rahbar yoki rahbar o‘rinbosarlarini tayinlaydi. Namangan viloyati bo‘yicha 100 nafar yoshlar rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.
Tayinlangan rahbar yoshlarning tajribasini oshirish maqsadida, viloyat hokimi bilan birgalikda tumanlar hududida aholi muammolarini o‘rganish tashkil etiladi.
“Yangi g‘oya” ilmiy platformasi ilm-fanni rivojlantiradi
Viloyat yosh olimlari hamda iqtidorli talabalarini birlashtirgan “Yangi g‘oya” ilmiy platformasi tashkil qilinib, har bir oliygohda viloyat hokimining vakili tayinlanadi. Yoshlarning innovatsion g‘oyalari saralanib, har chorakda viloyat hokimligiga taqdim etib boriladi.
Yangi xiyobonlar paydo bo‘ladi
Viloyat yoshlari bilan birga Namangan shahrida hamda tumanlar markazlarida xiyobonlar tashkil etilib, daraxt ekish aksiyasi o‘tkaziladi.
“Milliy hunarmandchilik, me'morchilik va dizayn” oliy maktabi tashkil etiladi
Namanganda “Milliy hunarmandchilik, me'morchilik va dizayn” oliy maktabi tashkil etiladi. “Milliy hunarmandchilik, me'morchilik va dizaynda innovatsiyalar” deb nomlangan ko‘rgazma o‘tkaziladi. Milliy hunarmandchilik, me'morchilik va dizaynda innovatsion yechimlarga ega loyihalar uchun viloyat hokimining tanlovi e'lon qilinadi, g‘olib bo‘lgan loyihalarni amaliyotda qo‘llash uchun muallifdan sotib olinadi.
“Xorijdagi namanganliklar” klubi tashkil etiladi
Chet elda o‘qib, ishlayotgan namanganlik yoshlar ishtirokida “Xorijdagi namanganliklar” klubi tashkil etiladi. Bunda ijtimoiy tarmoqda ommalashgan “Namanganliklar” kanali qoshida maxsus bo‘lim tashkil etiladi.
Olimpiada sport turlarini qamragan “Mahalliada-2020” sport o‘yinlari o‘tkaziladi
Ommaviy sportni keng targ‘ib qilish maqsadida Namangan tajribasi sifatida respublikada birinchi bor Olimpiada sport turlarini qamragan “Mahalliada-2020” sport o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.