Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Farg‘onadagi nosoz attraksion bo‘yicha rasmiy izoh berdi

Jamiyat 18:45 / 06.01.2020 13505

Joriy yilning 2 yanvar kuni Farg‘onadagi «Al-Farg‘oniy» milliy bog‘ida baxsiz hodisa tufayli bir ayol vafot etgani haqida xabar berilgandi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mas'ul xodimlari voqea joyiga borib o‘rganishlar olib borishdi va bu bo‘yicha rasmiy ma'lumot taqdim etildi.

«Farg‘ona shahar, Murabbiylar ko‘chasi, 26-uyda joylashgan «Al-Farg‘oniy» madaniyat va istirohat bog‘i hududida YaTT «Yusupova Dildora»ga tegishli bo‘lgan «12 Exclaimed Barking» nomli attraksion qurilmasida 2020 yil 2 yanvar kuni soat 16:45da baxsiz hodisa sodir bo‘lgan. Uning oqibatida Toshloq tumani, «Arabmozor» MFY, Arabmozor ko‘chasi 13-uyda yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan Yusupova Nargiza Nabiyevna bosh qismidan jarohat olgan va olingan jarohatlar natijasida shifoxonada vafot etgan.

Voqea joyidagi dastlabki surishtiruvlardan quyidagilar aniqlandi:

«12 Exclaimed Barking» nomli attraksion qurilmasi 2019 yilda Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilirilgan va 15 dekabr kuni xitoylik mutaxassislar tomonidan montaj qilingan. Attraksion qurilmasi 2019 yilning 27 dekabr kuni attraksion egasi (tadbirkor) va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Farg‘ona hududiy boshqarmasi davlat inspektorlari ishtirokida dastlabki sinovlardan o‘tkazilgan. Sinov davomida barcha jarayonlar videotasvirga olingan, amaldagi qoidalar talablari to‘liq bajarilmagani aniqlangan va kamchiliklar tushuntirib o‘tilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan talablar bajarilgandan so‘ng va barcha hujjatlar taqdim etilib, yozma murojaat etish talab qilingan. Aytilgan ko‘rsatmalarga qaramasdan, attraksion qurilmasi bayram kunlari o‘zboshimchalik bilan ishga tushirilgan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi hududlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari hamda boshqa dam olish maskanlaridagi attraksionlardan xavfsiz foydalanishni tashkil etish bo‘yicha 2019-2020 yillar uchun chora-tadbirlar rejasi asosida yanvar va fevral oylarida Respublikada joylashgan barcha attraksionlar ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda talabga javob bermaydigan attraksionlar to‘xtatiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, attraksionlar faoliyati uchun mavsumiylik faktori juda muhim. Har bir attraksion pasportida foydalanish uchun me'yoriy harorat va shamol tezligi diapazonlari bo‘ladi va unga amal qilinishi shart. Bunda termometr va anemometr o‘rnatish tavsiya etiladi. Tashqi muhitning noqulay ob-havo sharoitida (yomg‘ir, qor, shamol, bo‘ron, tuman) attraksionlardan foydalanish (pavilondan tashqari) taqiqlanadi», deyiladi qo‘mita ma'lumotnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: